
KFC, Evos va Oqtepa Lavash — 2025 yilda soliq to‘lash bo‘yicha yetakchi
17.06.2025 | 19:0043253
O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–aprel oylarida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi qariyb 20 mingta korxona 528,5 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Bu tushumning 19,1 foizi bor-yo‘g‘i 20 ta yirik kompaniya hisobiga to‘g‘ri keladi.

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan 19 986 ta yuridik shaxs tomonidan 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida 528,5 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘langan.
Ushbu miqdorning 101,1 mlrd so‘mi — 19,1 foizi — sohadagi eng yirik 20 ta korxona hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur korxonalarning jami tovar aylanmasi 1,2 trln so‘mni, ularga berilgan soliq imtiyozlari esa 11,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Soliq to‘lovchilar ichida eng katta to‘lovchi — KFC tarmog‘ining O‘zbekistondagi frashizasi «International Foodchain» MCHJ bo‘lib, u 31,2 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Keyingi o‘rinlarda Evos — «Mak Food Servis» (20,3 mlrd so‘m), Oqtepa Lavash — «Oqtepa Food Service» (12,2 mlrd so‘m) korxonalari qayd etilgan.
Eng ko‘p to‘langan soliq turlari bo‘yicha esa QQS — 42,7 mlrd so‘m (42,2 foiz), jismoniy shaxslar daromad solig‘i — 25,6 mlrd so‘m (25,3 foiz), foyda solig‘i — 20,5 mlrd so‘m (20,3 foiz)ni tashkil etdi. Qolgan qismi ijtimoiy va boshqa soliqlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu raqamlar umumiy ovqatlanish sohasi nafaqat aholi ehtiyojini qondirishda, balki soliq byudjetining barqaror manbai sifatida ham muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.





