add

Kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolar va banklar 1,9 trln so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi

29.05.2025 | 15:2032843

2021–2024 yillar davomida O‘zbekistonda kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolar va bank tizimi 1,9 trln so‘mdan ziyod moliyaviy zararga uchradi. Bu holat, ayniqsa, bank kartalari bilan bog‘liq o‘g‘irlik va firibgarliklar ortishi bilan bog‘liq.

Kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolar va banklar 1,9 trln so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi
IIV Kiberjinoyatlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakatda kiberjinoyatlar soni keskin oshgan va umumiy jinoyatchilikdagi ulushi sezilarli darajada ortgan. Aniqlanishicha, 2021–2024 yillar oralig‘ida fuqarolarning 1 trillion 909 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i kiberhuquqbuzarliklar tufayli yo‘qotilgan. Faqatgina 2024 yilning o‘zida ushbu ko‘rsatkich 603 mlrd so‘mni tashkil etgan. Kiberjinoyatlarning 98 foizi bank kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, asosan kibero‘g‘rilik va kiberfiribgarlik usullarida amalga oshirilgan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda 863 ta kiberjinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 58 ming 800 taga yetgan. Shu bilan birga, murojaatlar soni 34 baravarga ko‘paygan va kiberhuquqbuzarlik turlari soni 62 tagacha kengaygan. Markaz rahbari Bekzod Mamajonov ta’kidlashicha, 2024 yilda kiberjinoyatlar umumiy jinoyatlar tarkibida 44,4 foizni tashkil etgan. Bu esa har ikkita jinoyatdan biri axborot texnologiyalari orqali amalga oshirilayotganini anglatadi. Kiberjinoyatlar asosan zararli havolalar va dasturlar, aldamchi SMS kodlar, onlayn kreditlar, virtual savdo platformalaridagi firibgarliklar hamda boshqa turli sxemalar orqali amalga oshirilmoqda. Mutasaddilar bu xavflarning oldini olish uchun huquqiy va texnik choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid