
Kichik tadbirkorlik YAIMning qariyb yarmini ta’minlamoqda
03.06.2025 | 17:2013093
2025 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlari yalpi qo‘shilgan qiymatning 45,6 foizini yaratdi. Bu ko‘rsatkich iqtisodiyotda mazkur sektorning katta salohiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-mart oylari mobaynida O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 145,8 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratilgan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 45,6 foizini tashkil etmoqda.
Iqtisodiyotning turli sohalari bo‘yicha kichik tadbirkorlikning hissasi har xil. Masalan, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida bu ko‘rsatkich 96 foizga yetgan. Qurilish sohasida kichik tadbirkorlar ulushi 79,9 foizni, xizmat ko‘rsatish sohasida esa 44,8 foizni tashkil etgan.
Sanoat sohasida kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yaratilgan qo‘shilgan qiymatning ulushi 21,9 foizni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich sohaning katta qismi hali ham yirik korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatda kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar tufayli mazkur soha iqtisodiyotda barqaror o‘rin egallab bormoqda. Kichik biznes faoliyat yuritadigan tarmoqlarda ish o‘rinlari yaratish, raqobatni kuchaytirish va mahalliy bozorni barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar kichik tadbirkorlik sektori mamlakat iqtisodiyotidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.





