add

Kimni aldamoqchi? Vazirlik bog‘chadagi fojea ko‘lamini 10 barobar kamaytirib ko‘rsatgani fosh bo‘ldi

26.09.2025 | 19:0027045

Vazirlik bolalarning ahvolini barqaror degan edi, biroq «Daryo» 21 nafar bola o‘rta og‘ir ahvolda qolayotganini aniqladi. Yangi vazir statistikani yashirish bilan boshladimi, faoliyatini?

Kimni aldamoqchi? Vazirlik bog‘chadagi fojea ko‘lamini 10 barobar kamaytirib ko‘rsatgani fosh bo‘ldi
Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bog‘cha tarbiyalanuvchilari 1940 nafarni tashkil etmoqda. «Daryo»ga ko‘ra, bu raqamlar 26 sentyabr soat 10:00 dagi holat hisoblanadi. «Ovqatdan zaharlangani aytilayotgan 1940 nafar bolaning 1110 nafari shifoxonada davolanib, uyiga qaytarilgan. 21 nafari o‘rta og‘ir ahvolda qolmoqda. 809 nafari esa yengil ahvolda, holati yaxshi deyilmoqda», - deyiladi xabarda. Eng qizig‘i, kuni kecha Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga voqea sabab borgan vazirlik rasmiy munosabatda zaharlanishi oqibatida 109 nafar bola shifoxonaga yotqizilganini aytgan edi. Ammo «Daryo»ga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanidagi bo‘g‘chalarning o‘zida 413 nafar tarbiyalanuvchi ovqatdan zaharlanishdan shikoyat qilib shifoxonaga murojaat qilgan bo‘lsa, Bo‘ka tumanida bu ko‘rsatkich 537 nafarni tashkil qilgan. 430 nafar piskentlik bola og‘riqdan aziyat chekib, shifokorga murojaat qilgan bo‘lsa, Quyichirchiq tumanidan 64 nafar, Bekobod tumanidan 98 nafar, Olmaliq shahridan 285 nafar hamda Nurafshon shahridan 113 nafar bola tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Yana vazirlik shifoxonaga yotqizilgan bolalarning salomatligi barqaror ekanini iddao qilgan edi. Ammo surushtiruv natijalari 21 nafar bola o‘rta og‘ir ahvolda qolayotganini ko‘rsatgan. Ma’lumot uchun, E’zoza G‘opirjonovna Karimova bundan ikki oy avval, iyul oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan edi. Kecha shaxsan o‘zi bolalar ovqatdan zaharlangan tumanlarga borib, holatni tekshirib qaytgan edi. Bog‘chalardagi zaharlanish Joriy yilning 24 sentyabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘ida o‘zgarish kuzatilib, ular yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib borilgan. Biroz vaqtdan so‘ng Yuqori Chirchiqdagi bog‘cha tarbiyalanuvchilarida ham zaharlanish holatlari kuzatilgani aniqlangan. Holatlar yuzasidan jinoyat ishi ochilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bog‘chalarda tarbiyalanuvchi bolalar tana harorati, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Dastlabki tibbiy ko‘rikdan so‘ng, bolalarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilgan va aksariyatining sog‘lig‘i yaxshilangan. Toshkent viloyatidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, shuningdek, tuman bo‘limlari mutaxassislari maktabgacha ta’lim muassasalarining oshxonasini tekshirishga kirishgani xabar qilingan. Bolalar iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tekshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Kimni aldamoqchi? Vazirlik bog‘chadagi fojea ko‘lamini 10 barobar kamaytirib ko‘rsatgani fosh bo‘ldi | Vaqt.uz