Kiyev AQSH bazalarini himoya qilish uchun dronlar va harbiylarni yubordi
Zelenskiyning aytishicha, AQSH iltimosiga ko‘ra Iordaniyaga ukrain dronlari va dronlar bo‘yicha mutaxassislar guruhi yuborilgan. Yaqin Sharq davlatlari ham Ukrainadan yordam so‘ragan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «The New York Times» (NYT) gazetasiga bergan va 9-mart kuni e’lon qilingan intervyusida aytishicha, Ukraina Iordaniyadagi AQSH harbiy bazalarini himoya qilish uchun ushlab qoluvchi dronlar va uchuvchisiz apparatlar bo‘yicha mutaxassislar guruhini yuborgan. Uning aniqlashtirishicha, AQSH 5-mart kuni Kiyevdan bunday yordam so‘ragan va ukrain jamoasi ertasi kuniyoq yo‘lga chiqqan.
«Biz darhol javob qaytardik. Men, albatta, mutaxassislarimizni yuboramiz, deb javob berdim», – deydi Zelenskiy.
Oq uy esa NYT’ning bu ma’lumotni tasdiqlash haqidagi so‘roviga javob bermagan.
8-mart kuni Ukraina prezidenti «Telegram»da ukrain mutaxassislari hali manzilga yetib bormagani, ammo yaqin vaqtda u yerga borishi kutilayotganini ma’lum qildi.
«Hozircha tafsilotlar haqida gapirishga erta. Kelasi hafta ekspertlar joyiga borgach, vaziyatni o‘rganib, yordam beradi, chunki ular darhol yordam ko‘rsatish imkoniyatlari bilan bormoqda. Shundan keyin keyingi qadamlar haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Ilk uchrashuvlar natijasini kutish kerak», – degan prezident.
Zelenskiy, shuningdek, buni «ikki tomon uchun imkoniyat» deb atagan.
Yaqin Sharq davlatlari ham Kiyevdan yordam so‘ragan
Zelenskiy «NYT»ga bergan intervyusida aytishicha, Eronning dastlabki zarbalaridan keyingi kunlarda unga Bahrayn, BAA, Iordaniya, Quvayt, Qatar va Saudiya Arabistoni rahbarlari murojaat qilib, yordam so‘ragan.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina bu davlatlarga yordam berishni istaydi, ammo yordam hajmi Ukraina ehtiyojlari bilan ham muvofiqlashtirilishi kerak. Avvalo, Kiyev Eron dronlariga qarshi samarali bo‘lgan ushlab qoluvchi dronlarini Rossiya Ukrainaga qarshi qo‘llayotgan ballistik raketalarni tutish uchun zarur bo‘lgan kuchliroq havo hujumidan mudofaa tizimlariga almashishga tayyor.
Vladimir Zelenskiy Moskva bilan do‘stona munosabatlarga ega bo‘lgan Yaqin Sharq davlatlarini Vladimir Putinga ta’sir o‘tkazishga ham chaqirdi.
«Men aytdim: eshitinglar, balki ular rossiyaliklar bilan gaplashib, hech bo‘lmaganda tanaffus qilishar. Shunday bo‘lsa, albatta, biz Yaqin Sharqqa o‘zlarini himoya qilishda yordam bera olamiz», – degan Zelenskiy.
«The Times»: fevralda Ukraina zarbali dronlarning 87 foizini qaytargan
Britaniyaning «The Times» nashri Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarining kundalik ma’lumotlarini tahlil qilib, fevral oyida Rossiya Ukraina aholi punktlariga qariyb 5000 ta zarbali dron uchirganini aniqladi. Ulardan taxminan 87 foizi Ukraina tomonidan urib tushirilgan yoki yo‘q qilingan.
«Erondan ommaviy ravishda kelayotgan uzoq masofali dronlarga qarshi kurashish bo‘yicha Ukrainadan ko‘ra ko‘proq tajribaga ega davlat yo‘q», – deb yozadi «The New York Times».
«NYT» yana ta’kidlashicha, Eronning «Shahed» dronini ishlab chiqarish qiymati taxminan 50 ming dollar atrofida, «Patriot» havo mudofaa tizimi uchun ushlab qoluvchi raketa esa 3 million dollar turadi – bu qariyb 60 baravar qimmat.
«Rossiya bosqinidan ko‘p o‘tmay, Ukraina ba’zan qimmat raketa yordamida «Shahed» dronlarini yo‘q qilgan. Ammo bu tez orada samarasiz ekani ma’lum bo‘ldi», – deb yozadi Amerika nashri.
Hozir esa AQSH prezidenti Donald Tramp joriy etgan yangi qurol yetkazib berish qoidalari tufayli Ukrainada zamonaviy havo mudofaa tizimlari uchun snaryadlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Jumladan, 2025-yil davomida Ukraina Qurolli kuchlariga atigi 620 ta zamonaviy «Patriot» raketa yetkazib berilgan. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining mudofaa masalalari bo‘yicha komissari Andryus Kubilyus ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan urushning dastlabki kunlarida Yaqin Sharq davlatlari taxminan 2000 ta Eron droni va 500 ta ballistik raketani qaytarish uchun 800 dan ortiq «Patriot» raketa sarflagan.





