
Kiyev markazida ukrainalik polkovnik otib o‘ldirildi
10.07.2025 | 19:3543583
Ivan Voronich Ukraina maxsus xizmatining eng yashirin guruhlaridan biri – Rossiya hududida diversiyalar uyushtirgan «Alfa» guruhining katta ofitseri edi. U 2014 yildan buyon front ortidagi operatsiyalarda qatnashib kelayotgan edi.

Kiyevda 10 iyul, payshanba kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) polkovnigi Ivan Voronich otib ketildi. UXX matbuot xizmati o‘z xodimining o‘ldirilganini tasdiqladi.
«Kiyev shahrining Goloseyev tumanida UXX xodimining o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Xavfsizlik xizmati va Milliy politsiya jinoyatning barcha holatlarini aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun keng qamrovli choralar ko‘rmoqda», - deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Kiyev huquq-tartibot idoralaridagi OAV manbalarining ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 9:00 da noma’lum shaxs UXX polkovnigi Ivan Voronichga yaqinlashib, unga to‘pponchadan besh marta o‘q uzgan, so‘ngra qochib ketgan. Voronich voqea joyida halok bo‘lgan.
Oliy Radaning sobiq deputati Igor Mosiychukning aytishicha, Voronich "Alfa" bo‘linmasi deb ham nomlanadigan Maxsus operatsiyalar markazining (MOM) 16-boshqarmasi 1-bo‘limining katta operativ xodimi bo‘lgan. The Insider nashrining eslatishicha, ushbu maxsus bo‘linma xodimlari boshqa vazifalar qatorida Rossiya hududida diversiya ishlari bilan ham shug‘ullangan.
Ukrainalik sobiq razvedkachi Roman Chervinskiy Voronichning o‘ldirilishiga munosabat bildirgan holda, uning 2014 yildan buyon dushmanga qarshi kurashib kelganini va Xizmatda hozirda Rossiya uchun ko‘plab muammolarni keltirib chiqarayotgan yo‘nalishga asos solganlardan biri bo‘lganini yozgan.





