add

Kiyevda o‘ldirilgan SBU polkovnigi «Shimoliy oqim» portlatilishida ishtirok etgan — The Times

19.07.2025 | 22:3049644

The Times nashrining yozishicha, Kiyevda otib ketilgan SBU poleovnigi Ivan Voronich nafaqat «Shimoliy oqim» gaz quvuri portlashida ishtirok etgan. Shuningdek u Rossiyaga sodiq qurolli guruh rahbarini yo‘q qilish operatsiyasini ham boshqargan.

Kiyevda o‘ldirilgan SBU polkovnigi «Shimoliy oqim» portlatilishida ishtirok etgan — The Times
The Times gazetasi Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Ivan Voronich — SBUning polkovnigi, maxsus operatsiyalar bo‘yicha tajribali ofitser bo‘lib, Rossiya uchun juda jiddiy nishonga aylangan. U 2022 yili «Shimoliy oqim» gaz quvuridagi portlashda ishtirok etgan shaxslardan biri sifatida tilga olinmoqda. Bundan tashqari, u 2015 yili Luhanskdagi «Prizrak» guruhi rahbari Aleksey Mozgovoyni yo‘q qilish amaliyoti tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Voronich SBUning elita bo‘limi — «Alfa» guruhi a’zosi bo‘lib, bir necha marta Rossiya hududiga — xususan, Kursk oblastining chegara ortidagi hududlariga so‘roq va diversiya operatsiyalari uchun kirgan. Shuningdek, u dengizdagi dronlar orqali Qora dengizning Rossiya flotiga qarshi hujumlarda ham qatnashgan. Washington Post xabariga ko‘ra, Voronich SBU polkovnigi Roman Chervinskiyga qarashli bo‘linmada uning o‘rinbosari bo‘lgan. Chervinskiy esa «Shimoliy oqim» quvurini portlatish operatsiyasining asosiy koordinatori sifatida tilga olinadi. Ukraina generali Viktor Yagun Voronich o‘limiga javob kutilmoqda, deya bayonot bergan. Unga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari Rossiyadagi ayrim ofitserlarni yo‘q qilish amaliyotlarini davom ettirmoqda, ammo Voronich o‘limi uchun alohida javob bo‘ladi — «bu «Pautina» operatsiyasi kabi darajada bo‘ladi», dedi Yagun. Sobiq SBU agenti Ivan Stupak esa maxsus xizmatlar o‘rtasidagi bu «razvedka urushi» juda uzoq davom etishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina va Rossiya agentlari kelajakda ham dunyo bo‘ylab — hatto Afrika va Tailandda ham bir-birlarini nishonga olishda davom etadilar. Avvalroq Kiyevda Ivan Voronichni o‘ldirishda gumonlanayotgan — millati ozarboyjon bo‘lgan Narmin Guliyeva va Haqali Gulizoda qo‘lga olish chog‘ida otib tashlangani ma’lum qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Kiyevda o‘ldirilgan SBU polkovnigi «Shimoliy oqim» portlatilishida ishtirok etgan — The Times | Vaqt.uz