
Kiyevda portlash to‘lqini 9-qavatdan uchirib yuborgan qiz tirik qoldi
01.08.2025 | 08:2015403
Rossiyaning 31 iyul kuni Kiyevga uyushtirgan raketali hujumi chog‘ida yosh qiz portlash to‘lqini sababli 9-qavatdan uchib ketdi. U tirik qoldi — faqat oyog‘i singan va bir tishi to‘kilgan.

TSN telekanali xabar berishicha, Kiyev shahridagi Svyatoshin rayonidagi turarjoyga qilingan hujum oqibatida Veronika ismli qiz portlash to‘lqini ta’sirida uyi derazasidan karovati bilan birgalikda uchib ketgan. U oyog‘idan jarohat olgan holda tirik qolgan. Veronikaning so‘zlariga ko‘ra, karovat bilan yerga tushgani uni muqarrar o‘limdan saqlab qolgan.
Qizning hikoya qilishicha, portlash vaqtida u uxlab yotgan bo‘lgan, ko‘z ochganda esa o‘zini yerda ko‘rgan. Hozir u shifoxonada, lekin ota-onasi haqida hech qanday ma’lumotga ega emas. Ular qayerda ekani va tirikmi-yo‘qmi, noma’lum.
Ukraina milliy politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning turar joy massiviga raketali hujumi natijasida shaharda 11 kishi halok bo‘lgan va 93 kishi turli darajada jarohat olgan. Svyatoshin tumanida o‘nlab odamlar yashagan ko‘p qavatli uy to‘liq vayron bo‘lgan, qurbonlar orasida 6 yoshli bola ham bor. Qutqaruvchilar halok bo‘lgan ayol va erkak jasadini chiqarishgan, ularning shaxsi hali aniqlanmagan.
Kiyev shahar meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, 1 avgust kuni poytaxtda motam kuni deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan barcha davlat muassasalarida bayroqlar tushirilib, ko‘ngilochar tadbirlar taqiqlanadi.





