Kobulda mintaqaviy muloqot bo‘lib o‘tdi

Afg‘onistonda 2021 yildan beri ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p tomonlama maslahatlashuv muloqoti o‘tkazildi.

Kobulda mintaqaviy muloqot bo‘lib o‘tdi © Фото: alemarahenglish.af

Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida «Afg‘oniston — Markaziy Osiyo maslahatlashuv muloqoti» o‘tkazildi. Bu haqda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Ushbu uchrashuv 2021 yildan beri birinchi marta Afg‘oniston hududida tashkil etilgan. Bungacha Markaziy Osiyo davlatlari «Tolibon» vakillari bilan Ostona, Toshkent va boshqa shaharlarda uchrashgan.

Mintaqa davlatlari ishtiroki

Muloqot Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan.

Tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston vakillari ishtirok etgan.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov, Afg‘onistondagi elchi Oybek Usmonov hamda prezidentning maxsus vakili Ismatulla Irgashev qatnashgan.

Uchrashuvga Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy boshchilik qilgan. U o‘z nutqida mamlakatda «barqarorlik ta’minlangani» va tashqi siyosat iqtisodiy hamkorlikka yo‘naltirilayotganini ta’kidlagan.

Iqtisodiy integratsiya rejalari

«Muloqotdan maqsad — Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy integratsiyani rag‘batlantirish va diplomatik aloqalarni mustahkamlashdir», — degan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,7 milliard dollarni tashkil etgan. Tomonlar kelgusi 3–4 yil ichida ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid