
Kobulda UZEX savdo maydonchasi ishga tushdi, yil yakunigacha bittasi ochiladi
Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida «O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ ning xorijiy savdo maydonchasi faoliyatini boshladi. Yil yakunigacha UZEX filiali Mozori Sharifda ham ochilishi kutilmoqda.

Maydoncha Afg‘onistonning Ghazanfar Bank ta’sischiligida va «Imom Abu Hanifa» IV milliy va xalqaro ko‘rgazma va savdo yarmarkasi doirasida ishga tushirildi.
Tadbirda UZEX delegatsiyasi ishtirok etib, Ghazanfar Bank mas’ul xodimlariga birja sertifikatlarini topshirdi. Yangi maydoncha O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlariga birja mexanizmlari asosida shaffof va kafolatlangan savdo bitimlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etish imkonini yaratadi.
Ghazanfar Bank o‘z mamlakatidagi tadbirkorlar uchun birja tizimiga kirish nuqtasini ta’minlaydi, ya’ni mijozlarni akkreditatsiyadan o‘tkazadi, buyurtmalarni Toshkentdagi markaziy birja platformasiga kiritadi, hujjatlar va hisob-kitoblar bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatadi. Savdolar birjaning yagona qoidalari va kliring mexanizmlari asosida amalga oshiriladi.
Kelishuvning muhim jihati shundaki, 2024 yil 1-oktabrdan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida kuchga kirgan imtiyozli savdo kelishuviga muvofiq, 14 turdagi tovar guruhi bo‘yicha import bojxona bojlari bekor qilindi. Bu Kobuldagi savdo maydonchasi orqali o‘tadigan ko‘plab bitimlar uchun bojxona tomonidan amalda «nol bojli» tartibni qo‘llash imkonini beradi.
Kobuldagi maydoncha UZEXning Ozarboyjon, Belarus va Qozog‘istondagi xorijiy savdo maydonchalari bilan bir qatorda xalqaro tarmog‘ini kengaytiruvchi navbatdagi bo‘g‘in hisoblanadi. 2022 yilga kelib birjaning 20 dan ortiq xorijiy vakolatxona va savdo nuqtalaridan iborat tarmog‘i shakllangan.
Ochiq statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo aylanmasi so‘nggi yillarda sezilarli o‘sish ko‘rsatmoqda. 2023-yilda savdo hajmi 2022-yildagi 44 million dollardan qariyb olti baravar oshib, 266 million dollarga yetgan. O‘zbekiston Statistik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-iyul oylarida savdo aylanmasi 572,8 million dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,6% o‘sish qayd etilgan.
Kobuldagi savdo maydonchasi mahalliy tovar ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini kengaytirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasining o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, yil yakunigacha Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi va kamida 100 turdagi mahalliy mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Sh.Mirziyoyev kecha Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi chiqishida ma’lum qilgan.





