
Kobulda yangicha diplomatiya: Tolibon Xitoy va Pokistonni yig‘di
20.08.2025 | 09:303894
Bu diplomatik yig‘ilish Tolibon hukumati uchun xalqaro legitimlikka erishish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga qaytganiga to‘rt yil to‘lgan Tolibon ilk bor Xitoy va Pokiston bilan Kobulda uch tomonlama uchrashuv o‘tkazmoqda. Ertaga, 20 avgust kuniga belgilangan bu majlis guruhning xalqaro legitimlikka intilishini kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Hofiz Ziyo Ahmad ma’lum qilishicha, muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikka oid masalalar ko‘rib chiqiladi. Uning ta’kidiga ko‘ra, ishtirokchilar umumiy manfaatlar, o‘zaro tushunish va keng qamrovli hamkorlik asosida munosabatlar yuzasidan fikr almashadi.
Uchrashuvda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, Tolibon tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy va Pokiston bosh vazir o‘rinbosari hamda tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar ishtirok etadi. Van Ining tashrifi uning Nyu-Dehlidagi muzokaralaridan so‘ng amalga oshmoqda.
Mintaqaviy nufuzli o‘yinchilarning Tolibon bilan ochiq muloqotga kirishishi Kobul rahbariyatining dunyo sahnasidagi maqomini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu kunlarda Rossiya Afg‘onistondagi Tolibon ma’muriyatini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi.
AQSH qo‘shinlari chiqib ketgandan keyin Pekin Tolibon hukumatini qo‘llab-quvvatlashda faol yo‘l tutdi. Xitoy Afg‘onistonning keng mineral resurslaridan foydalanish, savdo aloqalarini kengaytirish va «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusini ilgari surish orqali o‘z ta’sirini kuchaytirishni ko‘zlamoqda. Van I 2022 yilda ham Kobulga tashrif buyurib, iqtisodiy tiklanish va hamkorlikni muhokama qilgan edi.





