
Ko‘chada yoqilgan shox-shabbadan tortib, uyda saqlangan hayvonlargacha — ekologik zararlar uchun yangi jarimalar belgilandi
31.07.2025 | 22:2020023
2025 yil 1 avgustdan O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash, daraxtlarni noqonuniy kesish va havoni ifloslash kabi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdori sezilarli ravishda oshiriladi.

O‘zbekistonda ekologik tartibni buzgan fuqarolar va tashkilotlar endi ancha yuqori jarimalarga tortiladi. Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 avgustdan e’tiboran atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun mas’uliyat kuchaytiriladi.
Belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlagan fuqarolar 412 ming so‘mdan 1 mln 236 ming so‘mgacha jarima to‘laydi. Xazon va shox shabbalarni yoki o‘simliklarning qoldiqlarini yoqib yuborish esa 1 mln 236 ming so‘mdan 2 mln 60 ming so‘mgacha miqdordagi jarimalarga sabab bo‘ladi.
Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish 10,3 mln so‘mdan 20,6 mln so‘mgacha jarima bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, qurilish ishlari vaqtida havo muhofazasi talablarini buzganlarga 4 mln 120 ming so‘m, noqonuniy hayvon saqlovchilarga esa 2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha jarima belgilangan.
Tabiiy muhitni tiklash choralarini ko‘rmagan shaxslarga esa 412 ming so‘mdan 1,2 mln so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, shuningdek uning ko‘rsatmalarini bajarmaslik 2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha jarima belgilanadi.





