
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash Toshkentda sinov tariqasida boshlanadi
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk qiymatini aniqlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Uslubiyat tasdiqlangan va baholash ishlari 2025 yildan boshlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining 2025 yil 14 iyuldagi buyrug‘iga asosan, Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan baholash ishlari olib boriladi. Bu jarayon Prezidentning 2025 yil 5 martdagi PF-43-sonli farmoniga asosan amalga oshirilmoqda.
Ommaviy baholash jarayonida ob’ektlar qiymatini aniqlash uchun bozordagi ma’lumotlar yig‘iladi va tahlil qilinadi. Ob’ektlar guruhlanib, hududlar segmentlashtiriladi. Narxga ta’sir qiluvchi omillar va ularning ta’sir koeffitsiyenti hisoblanadi. Keyin esa ob’ektlar bahosi aniqlanib, natijalar rasman tasdiqlanadi.
Baholash ishlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. 2025–2026 yillarda sinov tariqasida Toshkent shahrida amalga oshiriladi. Keyingi bosqichda Nukus va viloyat markazlari qamrab olinadi. 2027 yildan boshlab qolgan hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlar manbasi sifatida elektron savdo platformalari, tijorat banklari ma’lumotlari, ijara va sotuv bitimlari, notarial hujjatlardan foydalaniladi. Shuningdek, ob’ektlarning garov qiymatlari va boshqa tegishli ma’lumotlar ham inobatga olinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan bo‘lib, 2025 yil 14 iyuldan kuchga kirdi. Bu tizim ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni oshirish hamda adolatli baholashni ta’minlashga qaratilgan.





