
Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasida chiqqan yong‘in yuzasidan ma’lumot berildi
05.08.2025 | 23:3249003
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida yong‘in kelib chiqdi. Rasmiylarga ko‘ra, hozir yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

5 avgust kuni soat 22:20 lar atrofida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani, Ko‘kdala mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Shoxobchani qurshab olgan olov tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumoticha, yong‘in haqidagi xabar tushishi bilan qutqaruv xizmatining yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yo‘l oldi. Ekipajlar qisqa fursatda yetib borib, yong‘inni o‘chirish ishlarini boshladi.
Viloyat va tuman FVB rahbar xodimlari ham voqea joyiga yetib borgan. Hozirda yong‘inni batamom bartaraf etish va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Hodisa sabablari va keltirgan zarari haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan. Jabrlanganlar to‘g‘risida ham ma’lumotlar yo‘q. Mutasaddi idoralar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilib, qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Qashqadaryo viloyati FVB aholini rasmiy ma’lumotlar berilishini kutgan holda, turli taxmin va yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirdi.
2025 yil 16 iyul kuni Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in to‘rt nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan edi.





