
Ko‘ksaroy qarorgohida Finlyandiya prezidentini kutib olish marosimi bo‘ldi
Kutib olish marosimi yakunlangach, delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar boshlandi.

31 oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi.

O‘zbekiston va Finlyandiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.
Mazkur marosim yakunlangach, birgalikda suratga tushildi va delegatsiyalar ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb 29 oktyabr–1 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lishi haqida xabar qilgan edik.





