
Kolumbiya va AQSH o‘rtasida diplomatik inqiroz: Gustavo Petro qurol ko‘tarishga tayyor
Kolumbiya prezidenti AQSH yetakchisining tahdidlariga keskin javob qaytardi. Avvalroq Oq uy rahbari Petroni kokain ishlab chiqarishda ayblab, uni hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha operatsiya o‘tkazish ehtimolini inkor etmagan edi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan aytilgan ayblovlar va ehtimoliy tahdidlarga keskin javob qaytardi. Petroning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakat mustaqilligi va demokratik institutlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa, qurol ko‘tarishga ham tayyor. Petro o‘z bayonotini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joyladi.
Unda Petro Kolumbiyada kokain ishlab chiqarish bilan bog‘liq ayblovlarni rad etib, o‘z hukumatining giyohvandlikka qarshi kurashdagi natijalarini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, aynan uning buyrug‘i bilan dunyodagi eng yirik kokain musodarasi amalga oshirilgan va koka barglari yetishtirish hajmining o‘sishi to‘xtatilgan.
Shuningdek, Kolumbiya rahbari mamlakatdagi narkoguruhlarga qarshi qat’iy kurash olib borganini qayd etdi. U AQSH rahbarining ayblovlarini asossiz deb atab, bunday bayonotlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirishini bildirdi.
Petro Trampni shoshma-shoshar qarorlardan ogohlantirib, agar Kolumbiya xalqi ishongan va hurmat qilgan prezidentga nisbatan kuch ishlatilsa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishini aytdi.
«Agar siz xalq sevgan prezidentni hibsga olsangiz, xalq yaguarini zanjirdan bo‘shatgan bo‘lasiz», — deb yozdi u.
Prezident, shuningdek, o‘tmishda quroldan voz kechganini, ammo vatan taqdiri xavf ostida qolsa, yana qurol olishga tayyor ekanini bildirdi.
«Men askar bo‘lmasam ham, urush va maxfiy operatsiyalar haqida bilaman. 1989-yilgi tinchlik shartnomasidan keyin men boshqa hech qachon qurolga tegmaslikka qasam ichgan edim, ammo vatanim uchun yana qurol olaman», - dedi Kolumbiya prezidenti.
Bu bayonotlar Trampning Air Force One samolyotida jurnalistlar bilan suhbati ortidan yangradi. O‘sha suhbatda AQSH prezidenti Kolumbiyaga nisbatan Venesuelada kuzatilgan ssenariy takrorlanishi mumkinligini istisno etmagan edi.





