add

Kommunal to‘lovlar: qish oldidan oshayotgan issiqlik, aholidan so‘rovnoma va qo‘shni davlatlardagi narxlar

27.08.2025 | 13:00387619

Deputatlar issiq suv va issiqlik ta’minoti narxlari oshishini ma’qullashdi. Vaqt.uz bu bo‘yicha aholi fikrini o‘rganib, so‘rovnoma qildi. Aholi kommunal to‘lovlarga qancha pul sarflashi, rasmiylar va aholining munosabati, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlaridagi narxlar tahlil qilindi.

Kommunal to‘lovlar: qish oldidan oshayotgan issiqlik, aholidan so‘rovnoma va qo‘shni davlatlardagi narxlar
Deputatlar tomonidan Toshkent shahrida issiq suv va issiq ta’minoti xizmatlari uchun tariflarni oshirish tasdiqlandi. Avvalroq, Veolia Energy Tashkent rahbari Sevara Pardaboyeva narxlarni oshirish kerakligi, boshqa yo‘l yo‘qligini aytgan edi. Uning taklifiga bilan shu yilning oktyabr oyidan issiq suv narxlari aholi uchun 15 foiz, yuridik shaxslar uchun 40 foiz, byudjet tashkilotlar uchun qariyb 19 foiz oshirish ma’qullandi. Yangi tariflarning joriy etilish muddati ochiqlanmagan, biroq Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tariflarni 2025-yil 1-oktyabrdan oshirishni taklif qilgan edi. Hujjatni shahar hokimi Shavkat Umurzoqov imzolashi kerak, tariflar hujjat imzolanganidan keyin 15 kundan keyin kuchga kiradi.   Endi narxlar qancha bo‘ladi? Eng qizig‘i, «Issiqlikta’minoti» raisi Ilhom To‘rayev tariflar 2025 yilda faqatgina bir marta oshirilishini aytgan. Bu faqat issiqlik ta’minoti, balki elektr, energiya, tabiiy gaz va sovuq suv uchun edi. Ammo mutasaddilar bir-birlarining munosabatlariga qarshi chiqishmoqda. «Tariflar yil oxiriga qadar ikki marta oshmasligi aniq. Chunki elektr energiyasi, gaz, sovuq suv hamda ulgurji issiqlik energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqildi. Shundan kelib chiqib, poytaxt kengashining faqat bitta qarori qabul qilinib, narxlar bir marta oshiriladi. Yangi tariflarni belgilash oralig‘i olti oyni tashkil etadi. Agar dastlabki olti oyda narxlar oshmagan bo‘lsa, keyingi yarim yilda tariflar ikki marta oshirilmaydi», — degan edi To‘rayev. Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardaboyeva esa bunga teskari fikrni aytmoqda: «Boshqa yo‘limiz yo‘q, uni (issiq suv va issiqlik ta’minoti narxlari) ko‘tarmasak bo‘lmaydi. Chunki keyingi yillarda qiynalib qolinadi, ya’ni 30 foizdan emas, 40−50 foizdan oshirishga to‘g‘ri kelib qoladi», — degan u. Bu hali hammasi emas. O‘tgan yilda ham kompaniya yuridik shaxslar uchun tariflarni 50 foizgacha oshirishni taklif qilgan, biroq bu taklif qabul qilinmasdan, faqatgina 15 foiz oshirish belgilangan.   Odamlar nima deydi? Vaqt.uz jurnalisti poytaxt ko‘chalarida so‘rovnoma o‘tkazib,  issiq suv va issiq ta’minoti xizmatlari uchun tariflar oshayotgani haqida aholining fikri bilan tanishdi. «O‘rtacha 600 ming so‘mlar atrofida kommunalga to‘laymiz. Eng ko‘p issiq suvga pul ketadi. Mana issiq suv tariflari oshyapti, bu bizga og‘irlik qilayapti. Olsam 1 mln pensiya olaman, kommunalga to‘layman, boshqa hech narsaga yetmaydi», — deydi pensiya yoshidagi ayol. Issiq suv va issiqlik ta’minotida narxlari oshishi yuzasidan boshqalarga ham savol berganimizda, bu noto‘g‘ri qaror ekanligini, oyliklar bilan tariflar oshishi nomutanosib bo‘lishini aytishdi. Shuningdek, so‘rovnomadagi ishtirokchilarning qolganlari ham bu qarorga qarshi ekanligini bildirishdi. «Gaz va elektrni o‘g‘lim to‘laydi, suv bilan chiqindi mening bo‘ynimda. O‘zim shu 2 ta narsaga 500-600 ming so‘m atrofida to‘layman. Hammasi aniq 1 mln so‘mdan oshadi. Mana pensiyalar 10 foizga oshdi, lekin narxlar 15-20 foizga oshib yotibdi. Yeb-ichish, dori-darmon uchun pul qolmaydi. 5 ta kasalim bor, hammasiga pul kerak, lekin ortirolmayman. Qishda to‘lovlar 2 barobar oshadi, hamma joyni o‘chirib yoqib yashayveramiz-da», — dedi haydovchi.   Umumiy kommunal to‘lovlar qanchaga oshgan? 2025-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda elektr energiya va tabiiy gaz narxlari oshdi. Bu xizmatlar hozirda iste’mol qilingan miqdorga qarab turlicha to‘lanmoqda, ya’ni elektr yoki gazdan qancha ko‘p foydalanilsa, shuncha ko‘p to‘lanadi. Amalda kommunal xizmatlar uchun narxlar ro‘yxati: Tabiiy gaz tariflari (2025-yil)
Iste’mol hajmi (m³)

Noyabr – Fevral (isitish mavsumi)

Mart – oktyabr (mavsumdan tashqari)
0 – 100 / 500 m³ gacha

650 → 1 000 so‘m

650 → 1 000 so‘m

101 – 2 500 m³

1 800 so‘m

1 800 so‘m

2 501 – 5 000 m³

2 100 so‘m

2 100 so‘m

5 001 – 10 000 m³

2 500 so‘m

2 500 so‘m

10 000+ m³

3 000 so‘m

3 000 so‘m

  Qo‘shimcha tariflar
Toifa Narx (so‘m)
AGTKSlar uchun (m³) 2 500 so‘m 
Issiqlik elektr stansiyalari (m³) 1 800 so‘m 
Suyultirilgan gaz (aholi uchun) (kg) 2 000 so‘m
  Elektr energiya tariflari (2025 yil)
Toifa Iste’mol miqdori Narxi
Elektr plitali uy-joy va yotoqxonalar

200 kWh gacha

225 so‘m → 300 so‘m
Elektr plitali uy-joy va yotoqxonalar

201 – 1000 kWh

500 so‘m
Elektr plitali uy-joy va yotoqxonalar

1000 – 5000 kWh

750 so‘m
Elektr plitali uy-joy va yotoqxonalar

5000 – 10 000 kWh

875 so‘m
Elektr plitali uy-joy va yotoqxonalar

10 000 kWh dan yuqori

1000 so‘m
Boshqa maishiy iste’molchilar

200 kWh gacha

450 so‘m → 600 so‘m
Boshqa maishiy iste’molchilar

201 – 1000 kWh

1000 so‘m
Boshqa maishiy iste’molchilar

1000 – 5000 kWh

1500 so‘m
Boshqa maishiy iste’molchilar

5000 – 10 000 kWh

1750 so‘m
Boshqa maishiy iste’molchilar

10 000 kWh dan yuqori

2000 so‘m
IV guruh iste’molchilari

Barcha uchun

900 so‘m → 1000 so‘m
  Toshkentda yashovchilar bir oyda kommunal to‘lovlar uchun qancha pul sarflaydi? Vaqt.uz jurnalisti o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, qatnashchilarning aksariyati yoz mavsumida gaz, elektr va suv uchun o‘rtacha 600–700 ming so‘m atrofida to‘layotganini aytgan. Ular orasida 1 mln so‘m va undan ko‘p to‘laydiganlar ham bor. Qish mavsumida esa bu to‘lovlar 2 baravarga oshishini aytishdi. Faqatgina Toshkentda yashovchi aholidan emas, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqa hududda yashovchilar holatini bilish maqsadida elektron so‘rovnoma o‘tkazdik. «Vaqt.uz» Telegram sahifasida tashkil qilingan anonim so‘rovnomada 4 ming 600 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning 43 foizi kommunal to‘lovlar uchun 100 mingdan 500 ming so‘mgacha to‘lashadi. 27 foizi esa 500 ming – 1 mln so‘m oralig‘ida pul sarflaydi. Ishtirokchilarning 19 foizi 1 mln so‘mdan ortiq to‘lashini ma’lum qilgan. Izohlarda esa odamlar 2 mln 500 mingdan ham ortiq to‘layapganini aytishgan. Ayniqsa qish mavsumida bu miqdor yanada oshadi. X’da o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 47 foizdan ko‘p odam 100–500 ming so‘m orasida, 26 foiz ishtirokchilar esa 1 mln so‘mdan ortiq kommunalga pul sarflamoqda. Atigi 3 foiz odam 100 ming so‘mgacha to‘lashini ma’qullagan. Iqtisodchi Otabek Bakirov tariflarning navbatdagi marta oshirilishini «iste’molchilarga ham ostida, ham ustida o‘lpon olish» deb hisoblashini aytgan.   Qo‘shni davlatlarimizda kommunal to‘lovlarning narxlari qanday? Qozog‘istonda ham kommunal xizmatlar tariflari oshgan. Qazaqparat’ning ma’lum qilishicha, yil davomida eng katta o‘sish sovuq suv ta’minotida kuzatilgan, uning narxi deyarli 2 baravar ko‘tarildi.  Ma’lumot uchun hududlarga ko‘ra Qozog‘istonda kommunal xizmatlari farqlanadi. Quyida o‘rtacha miqdorni ko‘rib chiqamiz:
Xizmat turi Narx (qozoq tangasi)

Narx (so‘mda)

Sovuq suv (1 m³)

173 tanga

4152 so‘m

Oqova (1 m³)

109 tanga

2 616 so‘m

Isitish (1 Gkal)

6150 tanga

147 600 so‘m

Issiq suv (1 m³)

475 tanga

11  400 so‘m

Elektr energiyasi (minimum)

2300 tanga

55 200 so‘m

Elektr energiyasi (maksimum)

4000 tanga

96 000 so‘m

Tabiiy gaz (1 m³)

34,5 tanga

828 so‘m

Qirg‘izistonda ham 2025-yil may oida elektr energiya narxi 23 foizga oshgan. Elektr-energiya esa quyidagicha: 
Kategoriya

Narx (Qirg‘iz so‘mi)

Narx (O‘zbek so‘mi)
Aholi (700 kWh gacha)

1.37 so‘m

192 so‘m

Aholi (700 kWh dan ortiq)

2.60 so‘m

364 so‘m

Ijtimoiy va diniy muassasalar

2.62 so‘m

367  so‘m
Iyun oyidan esa issiq suv va issiqlik ta’minoti narxlari 1 ming 950 so‘m/Gkal bo‘lgan. Gaz esa mavsum va miqdorga qarab farqlanadi: Noyabr — Fevral
Iste’mol hajmi 1 metr kub uchun (o‘zbek so‘mi)

Ekvivalent

(qirg‘iz so‘mi)

500 m³ gacha

650 so‘m

4,39 so‘m

501 – 2 500 m³

1 500 so‘m

10,14 so‘m

2 501 – 5 000 m³

1 950 so‘m

13,18 so‘m

5 001 – 10 000 m³

2 275 so‘m

15,38 so‘m

10 000 m³dan ortiq

2 600 so‘m

17,58 so‘m

Mart — Oktyabr
Iste’mol hajmi 1 metr kub uchun (o‘zbek so‘mi) Ekvivalent (qirg‘iz so‘mi)
100 m³ gacha

650 so‘m

4,39 so‘m

101 – 2 500 m³

1 500 so‘m

10,14 so‘m

2 501 – 5 000 m³

1 950 so‘m

13,18 so‘m

5 001 – 10 000 m³

2 275 so‘m

15,38 so‘m

10 000 m³dan ortiq

2 600 so‘m

17,58 so‘m

  Tojikistonda ham tariflar hududlarga ko‘ra farqlandi. Shu yili 1 apreldan boshlab elektr energiyaga aholi 1 kWh 35,36 dirham (467,22 so‘m) to‘laydi. Ichimlik suvi 1 m³ uchun 1,09 somoniy (1 ming 401 so‘m), gaz esa 43 foizga oshib 8,30 somoniyni (10 ming 668 so‘m) tashkil qiladi. Migration Union nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, Turkmanistonda kommunal xizmatlar — elekt, suv, chiqindi, issiqlik ta’minoti uchun qora bozor kursi bilan oyiga o‘rtacha 73 dollarga to‘g‘ri keladi (davlat kursi bo‘yicha hisoblanganda bu miqdor 570 dollarga). Umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak, aholi hech qanday tariflar oshmagan holatda ham 1 mlnga yaqin pulni kommunal xizmatlar uchun to‘layapti. Agar kuz-qish mavsumida bu miqdorlar oshsa, bu chiqimlar yanada ortib ketadi. Zarari esa faqatgina xalqning cho‘ntagina bo‘ladi, xolos. Eslatib o‘tamiz, avvalroq tariflar ham, subsidiyalash ham bir vaqtning o‘zida oshirilayotgani haqida yozgan edik. Iste’molchilar esa endilikda xarajatlarni ham solig‘idan, ham cho‘ntagidan to‘laydi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid