add

Ko‘p qavatli binolar «Shaffof qurilish» tizimidagi reytingiga qarab foydalanishga topshiriladi

02.12.2025 | 10:081152 daqiqa

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yildan boshlab qurilishda seysmik xavfsizlikni ta’minlash, tekshiruvlar shaffofligini oshirish va noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yish bo‘yicha qator majburiy mexanizmlar joriy etiladi.

Ko‘p qavatli binolar «Shaffof qurilish» tizimidagi reytingiga qarab foydalanishga topshiriladi

O‘zbekistonda binolar va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat nazorati yangi bosqichga chiqmoqda. Prezidentning 2025 yil 1-dekabrda qabul qilingan PF–236-son farmoni sohadagi nazorat va boshqaruvni yanada takomillashtirishga qaratildi.

Hujjatga muvofiq, birinchi navbatda noqonuniy qurilishlarni barvaqt aniqlash va ularni tezkor bartaraf etish mexanizmlari kuchaytiriladi. Shu bilan birga, qurilish-pudrat tashkilotlarining ob’ektlarda zilzilabardoshlik talablariga rioya qilish bo‘yicha javobgarligi oshiriladi.

2026 yil 1-yanvardan boshlab ikki va undan yuqori qavatli uy-joylarni texnik jihatdan o‘rganishga ixtisoslashgan loyiha tashkilotlarining yagona ro‘yxati shakllantiriladi. Ularning faoliyati «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali reytingi asosida baholab boriladi. Shu tizimda instrumental-texnik tekshiruv natijalari asosida ob’ektlarning real texnik holati monitoring qilinadi. Eng muhimi, bunday tekshiruv xulosalarining tavsiyaviy xarakteri bekor qilinadi va ko‘p qavatli uy-joylardan foydalanishga ruxsat faqat ijobiy xulosa mavjud bo‘lganda beriladi.

Farmonga ko‘ra, milliy me’yorlarga mos kelmaydigan qismlar uchun maxsus texnik shartlar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish vakolati faqat «Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi»ga biriktiriladi. Zilzilabardoshlik bo‘yicha ekspertiza xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti ham tugatiladi. Bundan buyon salbiy xulosa olingan taqdirda, loyiha tashkilotining «Shaffof qurilish» tizimidagi reytingi kamaytiriladi.

Shuningdek, qurilishi boshlangan ko‘p qavatli uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish yoki balandligini oshirish uchun loyiha hujjatlarini qayta ishlash va ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanadi. Noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha xarajatlar har yili Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan alohida tartibda belgilanadi. Ushbu qoidalar muassasalarning mas’uliyatini oshirish, aholi xavfsizligini ta’minlash va qurilish sohasida ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid