
Korrupsiya haqida xabar berganlarga himoya orderi beriladi
Prezidentning tegishli farmoni bilan korrupsiyani fosh qilgan shaxslarni huquqiy himoya qilish va nazoratni to‘liq raqamlashtirish belgilandi.

2025 yil 30-dekabrda qabul qilingan PF–270-sonli Prezident farmoniga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimida qator muhim yangiliklar joriy etiladi. Hujjatda korrupsiyaning oldini olish, davlat organlarida ichki nazoratni kuchaytirish va xabar beruvchilarni himoya qilishga qaratilgan mexanizmlar belgilangan.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-iyuldan «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. U korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor ma’lumot almashishni ta’minlaydi, shuningdek «E-Komplaens» moduli orqali davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini to‘liq raqamlashtiradi.
Hujjat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qator qo‘shimcha vakolatlar berildi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparati hamda tizim tashkilotlariga qonunbuzilishlarni oldini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritish huquqi belgilandi.
Eng muhim yangiliklardan biri — korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatida ta’qib va tazyiqdan himoya qilish uchun Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy etilishidir. Bu chora xabar beruvchilar xavfsizligini kafolatlashga qaratilgan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Farmonga muvofiq, davlat organlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati Agentlik bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi. 2026 yil 1-iyuldan 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. U birinchi navbatda reyting baholash natijalariga ko‘ra «qoniqarsiz» deb topilgan tashkilotlarda qo‘llanadi. Tizim o‘z vaqtida joriy etilmasa, rahbar va o‘rinbosarlariga barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatib turiladi.





