
Kostyum kiygan Zelenskiy Tramp bilan uchrashdi va ikki muhim taklif bilan chiqdi
26.06.2025 | 08:1519285
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida Ukrainada havo hujumidan mudofaa tizimlarini kuchaytirish va dronlar ishlab chiqarishni hamkorlikda amalga oshirishni taklif etdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muloqot haqida bayonot berdi. Unga ko‘ra, AQSH prezidenti bilan havo hujumidan himoya tizimlarini kuchaytirish va dronlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik yuzasidan ikki muhim kelishuv muhokama qilingan.
Zelenskiy, xususan, AQSHning Yaqin Sharqdagi operatsiyasini muvaffaqiyatli deb baholar ekan, bu faoliyat Eronning yadroviy dasturi va dronlar ishlab chiqarish salohiyatiga zarba bo‘lganini ta’kidladi. U Ukraina ham bu yo‘nalishda AQSH bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda Ukraina AQSHdan HHH tizimlarini sotib olishga tayyor ekani aytildi. Zelenskiyga ko‘ra, bu faqat AQSH mudofaa sanoatiga ko‘mak bo‘lib qolmay, balki Yevropa ham bu jarayonda moliyaviy yordamchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, dronlar ishlab chiqarishda ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma korxonalar tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
40 daqiqa davom etgan suhbat chog‘ida Zelenskiy Trampga Ukraina va Rossiya texnik guruhlari o‘rtasida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralar va asirlar almashinuvi haqida ham ma’lumot berdi. Jumladan, Rossiya Ukrainaga o‘z qurbonlarining jasadlarini qaytargani va Kiyevda ularni tanib olish jarayoni ketmoqda.
Ukraina rahbari so‘nggi janglar haqida ham axborot berib, Putin frontda muvaffaqiyat qozonmayotganini ta’kidladi. U Trampga voqelikdagi vaziyat haqida «aniq faktlar» taqdim etganini va undan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirganini ma’lum qildi.
«Men faqat uning ahvolidan xabardor bo‘lmoqchi edim. Qiyin davrlarni boshdan kechirdik, ammo u juda samimiy edi. U bundan-da samimiyroq bo‘lishi mumkin emasdi. Uni ko‘rganimdan xursand bo‘ldim. Bu ajoyib uchrashuv bo‘ldi. Menimcha, hozir urushni to‘xtatish uchun eng qulay payt. Ehtimol, urushni to‘xtatish maqsadida prezident Putin bilan suhbatlashishim mumkin», — dedi AQSH prezidenti Donald Tramp Zelenskiy bilan uchrashuv haqida.
Ma’lumot uchun: Zelenskiy va Trampning Vashingtondagi avvalgi uchrashuvida bahsli holat yuzaga kelgan edi. O‘shanda Ukraina rahbarining AQSH prezidenti bilan uchrashuvga rasmiy kiyim — kostyumsiz borgani Tramp va uning vitse-prezidentiga xush kelmagan. Bu safar avvalgisidan farqli ravishda, Zelenskiy sammitda kostyumda ko‘rinish berdi. Faqat u oq ko‘ylak o‘rniga qora ko‘ylak kiygan.
Darqove, Tramp Ukrainadagi urush haqidagi oldingi bayonoti — «urushni 24 soatda to‘xtataman» degan gaplariga ham izoh bergan. Uning ta’kidlashicha, bu so‘zlar shunchaki «kinoya» bo‘lgan.





