add

Kredit oluvchilarga «chek-list»: bu tizim kerakmi?

15.08.2025 | 19:307457

Markaziy bank kredit oluvchilar uchun chek-list joriy etishni taklif qildi. Unda qarzdorlikni rasmiylashtirishdagi shartlar va xavflar tushuntiriladi. Bu haqida mutaxassis nima deydi?

Kredit oluvchilarga «chek-list»: bu tizim kerakmi?
Markaziy bank e’lon qilgan taklifga ko‘ra, endi kredit ajratishdan so‘ng, shartnoma rasmiylashtirilguncha, bank mijozga kredit majburiyatlari va xatarlarini ko‘rsatadigan chek-list berishi kerak. Qarz oluvchi bandlar bilan tanishib, to‘liq roziligini tasdiqlashi shart. Chek-list to‘ldirilmasa, kredit shartnomasini imzolab bo‘lmaydi. Qanday ishlaydi? Hujjatda izohlar bilan 4 ta shart beriladi: [caption id="attachment_13227" align="aligncenter" width="633"]Check list 01 Manba: Markaziy bank[/caption]
  • Kredit — bu xarajat;
  • Kreditni qaytarish jadvalini diqqat bilan o‘rganib chiqdim;
  • Daromadlarim kredit to‘lovlarini to‘lash imkonini beradi;
  • Kredit to‘lovlarini kechiktirish oqibatlaridan xabardorman.
Agar kredit bank ofisida rasmiylashtirilayotgan bo‘lsa, chek-list qog‘ozda beriladi va qarz oluvchi tomonidan tasdiqlanadi. Aksincha onlayn xizmat orqali bo‘lsa, har bir band elektron tugmachalar orqali belgilanadi. Ikki xil usulda ham barcha bandlar to‘liq tasdiqlanmaguncha, shartnoma rasmiylashtirilmaydi. Bundan tashqari, Markaziy bank banklarga kredit parametrlari, jumladan, oluvchining miqdori, muddati va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mobil ilovalarga avtomatik ravishda yuklashni taqiqlashni taklif qilmoqda. Mijozning roziligi avtomatik belgilaydigan tugmalardan foydalanish ham cheklanadi. Faqatgina mijoz tomonidan hujjat oxirigacha varaqlanganidan keyin faollashtirish mumkin bo‘ladi. Banklar qarz oluvchining moliyaviy qiyinchiliklari, murakkab hayotiy vaziyati yoki fors-major holatlari tufayli kredit shartnomalarini o‘zgartirish va kreditlarni restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish tartibini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Hujjat bankning veb-saytida joylashtirilishi kerak. Bundan tashqari, iste’molchilarga kredit olish so‘roviga ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha summaga kredit olish taqiqlanadi. Sodda qilib aytganda, kredit oluvchilar qimor va totalizator o‘yinlaridagi oqibatlar kabi, chek-list orqali xatarlardan ogohlantiriladi.   «Chek-list» tizimi kerakmi? Vaqt.uz jurnalisti bu taklif yuzasidan iqtisodchi, dotsent Fozil Dodiyev bilan suhbatlashdi. Uning fikriga ko‘ra, Markaziy bank hozir odamlarda kreditlar ko‘payib ketgani, aksariyat odamlar uni qayta olmayotganidan xavotirda. «Daromadning 40 foizi kredit ketadi, 60 foizi esa oilaga ketishi kerak. Afsuski, unday bo‘lmayapti. Odamlarning oyligi faqat kreditga ketib qolyapti. Oila boqsa, kreditga to‘lolmay qoladi. Bu esa katta risk tug‘diradi. Natijada, muammoli kreditlar soni ko‘payib, banklar yomon ahvolga tushib qoladi», — deydi u.   Mutaxassisga yana bir nechta savollar bilan murojaat qildik: — Chek-list tizimi xatarlarni oldini olishi mumkinmi? — Bu bitta vosita bo‘lishi mumkin, faqatgina yaxshi ishlashi kerak. Lekin bu orqali to‘liq ma’lumotni aniqlab bo‘lmaydi, chunki bu yerda yashirin iqtisod bor. Norasmiy ishlaydigan va ko‘p daromad topuvchilarni to‘liq aniqlab bo‘lmaydi. — bugungi kunda turli maqsadda kredit oluvchilar, shuningdek firibgarlar ham ortib bormoqda. Mutaxassis sifatida nima deb o‘ylaysiz, buni qanday qilib kamaytirish mumkin? — Banklar zo‘r «skoring» tizimi qilishi kerak. Bu kredit oluvchi shaxslar haqida ma’lumotlarni avtomatik tarzda yig‘ib beradi. Buni qo‘lda yig‘ib bo‘lmaydi albatta, lekin «skoring» bilan ma’lumotlar to‘plash mumkin. Ya’ni kredit oluvchining MIBdan, soliqdan yoki kommunal to‘lovlardan qarzlari, nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulki, ish-joyi va hokazo ma’lumotlarni yig‘ib tahlil qilishga yordam beradi. Har bitta odamga shunday baza shakllantirilsa, muammoli kreditlar kamayadi. Umuman olganda, bu loyiha xo‘rak emas, qopqon vazifasini bajaradi. Agar to‘g‘ri tizimlashtirilsa, bu «kreditmaniya»dan odamlarni qutqarishga yordam berishi mumkin. Mahliyo Hamidova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid