
Kreml yana 2 million rossiyalikni urushga tashlashning yangi huquqiy yo‘lini topdi
14.10.2025 | 09:4217624
Rossiya hukumati mobilizatsiya e’lon qilmasdan turib, zaxiradagi harbiylarni chet eldagi jangovar harakatlarga jalb etishni rasman ruxsat etuvchi qonunni tasdiqladi.

Rossiya hukumati Vladimir Putinning 2015 yilgi farmoni bilan yaratilgan Mudofaa vazirligi mobilizatsiya zaxirasini faol holatga keltirish uchun yangi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjatga ko‘ra, prezident endi rezervdagi harbiylarni mobilizatsiya yoki harbiy holat e’lon qilinmasdan ham kontrterroristik operatsiyalar va tashqi harbiy nizolarda ishlatishi mumkin bo‘ladi.
Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksey Juravlyovning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror orqali armiya ehtiyojlari uchun 2 milliongacha fuqaroni jalb etish imkoniyati ochiladi.
«Biz rasman urush e’lon qilmagan bo‘lsak-da, aslida keng ko‘lamli harbiy harakatlar olib bormoqdamiz. Yangi qonun Mudofaa vazirligi uchun huquqiy cheklovlarni yo‘qotadi», — dedi deputat RTVI nashriga.
Qonunga muvofiq, rezervdagilar ikki oygacha davom etuvchi maxsus harbiy yig‘inlarga chaqiriladi. Ular mudofaa sohasidagi vazifalarni bajaradi va bu amaliyotlar Rossiya hududidan tashqarida ham o‘tkazilishi mumkin. Davlat dumasi qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolovning ta’kidlashicha, bu norma Ukrainaning Sumi va Xarkiv oblastlaridagi frontga ham taalluqli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Huquqshunos Igor Cherepanov RBK nashriga bergan izohida tushuntirishicha, o‘zgartirishlar faqat Mudofaa vazirligi bilan ixtiyoriy shartnoma tuzgan zaxiradagilarga taalluqli bo‘lib, zaxiradagi oddiy fuqarolarga tatbiq etilmaydi. Ammo huquq himoyachisi Artyom Kliganing ta’kidlashicha, hukumat «ikkinchi mobilizatsiya to‘lqinidan qochish uchun» aynan shunday huquqiy mexanizm yaratmoqda.
Faol Grigoriy Sverdlin bu tashabbusni «hokimiyat o‘z qo‘llarini bo‘shatmoqda» deb atadi. Uning fikricha, hukumat shunday tarzda mobilizatsiyasiz ham odamlarni frontga yuborish erkinligini qo‘lga kiritmoqchi.
Putinning farmoniga ko‘ra, mobilizatsiya zaxirasiga shartnoma asosida xizmat qilgan, har yili yig‘inlarda qatnashadigan va ish joyi saqlanib qoladigan fuqarolar kiradi. Ularning ish beruvchilariga kompensatsiya to‘lanadi. Kartapolovning ma’lumotiga ko‘ra, bugun Ukraina bilan chegaradosh hududlarda minglab zaxiradagilar joylashgan va ular ehtiyoj tug‘ilganda birinchi navbatda chaqiriladi.





