add

Kuchlar muvozanati buzildi: Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamanga hujum qildi

07.01.2026 | 22:252 daqiqa

Havo hujumlari Yamandagi husiylar harakatiga qarshi kurashayotgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlovchi Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda amalga oshirildi.

Kuchlar muvozanati buzildi: Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamanga hujum qildi

7-yanvar, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari Yamanning Dali provinsiyasiga bir necha bor havo zarbalari berdi. Hujum nishoni BAA tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Janubiy muvaqqat kengashi (JMK) rahbari Aydarus az-Zubaydiy tug‘ilgan shahar bo‘lgan.

Az-Zubaydiy 2022 yil aprelida Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati prezidenti Abdu Rabbu Mansur Hodiy iste’foga chiqqanidan so‘ng tuzilgan Prezidentlik kengashi tarkibidan chiqarilgan edi.

Yamandagi husiylarga qarshi fraksiyalar o‘rtasidagi mo‘rt sulh o‘tgan yilning dekabr oyida JMK hududlarni egallashni boshlagach, parokanda bo‘la boshladi.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi husiy harakatiga qarshi kurashayotgan kuchlar o‘rtasidagi ichki nizo

Az-Zubaydiy inqirozni muhokama qilish uchun kengashning boshqa rasmiylari bilan birga Saudiya Arabistoniga uchib borishi kerak edi, biroq u yerda ko‘rinish bermadi.

Prezidentlik kengashi raisi Rashad al-Alimiy az-Zubaydiyni qurolli isyon qo‘zg‘atishda, konstitutsiyaviy hokimiyat organlariga hujum qilishda va Yamanning janubiy qismida tinch aholiga nisbatan zo‘ravonliklar sodir etishda aybladi.

O‘z navbatida, JMK rahbariyatining ma’lum qilishicha, az-Zubaydiy ayni damda janubdagi Adan port-shahrida harbiy va xavfsizlik operatsiyalariga rahbarlik qilmoqda. Shuningdek, Kengash Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga muzokaralar uchun borgan o‘z delegatsiyasi bilan aloqa uzilib qolganini xabar qildi.

Yamandagi urushda kimlar ishtirok etmoqda?

Husiylar: 2014 yilda Yaman hukumatini ag‘darishgan. Poyaxt Sano va mamlakatning shimoliy hududlarini nazorat qilishadi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Prezidentlik kengashi: Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumatiga rahbarlik qiladi. Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Janubiy muvaqqat kengash (JMK): Janubiy Yamanning katta qismini nazorat qiladi va Saudiya chegarasi yaqinidagi hududlarni egallab olgan. Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Al-Islah partiyasi: "Musulmon birodarlar" harakatiga aloqador sunniy islomiy guruh; ularning asosiy tayanch nuqtasi Maribda joylashgan.

Milliy qarshilik kuchlari: Toriq Solih boshchiligidagi bu kuchlar husiylarga qarshi kurashadi; janubning ajralib chiqishiga qarshi.

Xadramiy elita kuchlari: Janubiy muvaqqat kengashiga qarashli harbiy tuzilma.

Saudiya va BAA o‘rtasidagi ziddiyat chuqurlashmoqda

Saudiya Arabistoni va BAA bundan o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin, husiylar poytaxt Sanoni egallab olganidan so‘ng Yamandagi jarayonlarga aralashgan edi. Yillar davomida JMK Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan xalqaro hukumat bilan bir safda harakat qildi.

Biroq, dekabr oyida JMKning kutilmagan ilgarilashi va resurslarga boy Xadramaut provinsiyasini nazorat ostiga olishi kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi. Bu esa Saudiya Arabistonining o‘z chegaralari yaqinida beqarorlik yuzaga kelishidan xavotirlanishiga sabab bo‘ldi.

Yamandagi so‘nggi keskinlik Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy va mintaqaviy siyosat borasidagi raqobatni yanada keskinlashtirib, ikki davlat aloqalaridagi darzlar chuqurlashayotganini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid