add

Kumush narxi unsiyasiga 80 dollar chegarasidan oshdi

Bugun 17:552 daqiqa

Comex birjasida kumush fyucherslari narxi 80 dollar chegarasidan oshdi, spot bozorida ham keskin o‘sish kuzatilib, yil boshidan beri kumush 181 foizga qimmatlashdi.

Kumush narxi unsiyasiga 80 dollar chegarasidan oshdi

Comex birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, kumush fyucherslarining narxi qisqa vaqt ichida muhim psixologik chegara — unsiyasi 80 dollardan yuqoriga chiqdi. Toshkent vaqti bilan 05:05 holatiga fyuchers narxi 82,62 dollarga yetgan. Keyinchalik, kotirovkalar 80,13 dollar atrofida barqarorlashgan. Solishtirish uchun, juma kuni savdo yopilishida fyuchers 79,19 dollar darajasida bo‘lgan.

Fyucherslar bilan bir qatorda spot bozorida ham sezilarli o‘sish qayd etildi. Reuters agentligining ma’lum qilishicha, kumushning spot narxi bir paytda 83,62 dollargacha ko‘tarilgan. Keyinroq narxlar pasayib, nisbatan barqaror holatga kelgan.

Agentlik bu dinamikani geosiyosiy yangiliklar bilan bog‘lamoqda. Xususan, AQSH va Ukraina yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar atrofida ijobiy fon shakllanishi investorlarning xavfsiz aktivlarga bo‘lgan qiziqishini biroz pasaytirgan. Natijada oltin va kumush kabi himoya aktivlariga talab qisqa muddatli ravishda kamaygan.

Shu bilan birga, yillik kesimda kumush bozorida mutlaqo boshqa manzara kuzatilmoqda. Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri kumush narxi 181 foizga oshgan.

Bunday keskin o‘sishga ikki asosiy omil turtki bo‘ldi.

Birinchidan, kumush AQSH va global sanoat uchun strategik ahamiyatga ega mineral hisoblanadi. U qayta tiklanuvchi energetika, elektronika, akkumulyatorlar va harbiy texnologiyalarda keng qo‘llaniladi. Ikkinchidan esa, jahon bozorida kumush yetkazib berish hajmlari cheklangan bo‘lib, sanoat talabining o‘sishi taklif bilan mutanosib o‘smayapti.

Mutaxassislarning fikricha, agar geosiyosiy noaniqliklar saqlanib qolsa yoki sanoat talabi yanada kuchaysa, kumush narxi yuqori diapazonda qolishi mumkin. Shu bilan birga, qisqa muddatda narxlar yuqori volatillikni saqlab qolishi istisno etilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid