
Kurskda Putin vertolyoti ukrain dronlari hujumi markazida bo‘lgani aytilmoqda
26.05.2025 | 14:3018343
Rossiya mudofaa idorasi vakillariga ko‘ra, may oyida Vladimir Putin Kursk viloyatiga tashrif buyurgan paytda ukrain dronlari tomonidan hujumlar kuchaygan. Prezident xavfsizligi ta’minlangan, hech qanday zarar yetkazilmagan.

Rossiya televideniyesi orqali tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning vertolyoti 2025 yil 20–22 may kunlari Kursk viloyatida «ukrain dronlari hujumining epitsentrida» bo‘lgan. Bu haqda havo mudofaasi diviziyasi qo‘mondoni Yuriy Dashkin ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Putinning ushbu hududda bo‘lgan paytida hujumlar intensivligi oshgan va havo mudofaasi kuchlari bir vaqtning o‘zida dronlarni qaytarish va prezident vertolyoti xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullangan. «Muvofaqiyatli bajarilgan vazifa tufayli dushman dronlari hujumi bartaraf etildi», — dedi Dashkin.
Ma’lumot uchun, Kreml Putinning Kursk viloyatiga qilgan tashrifini faqat 21 may kuni rasman e’lon qilgan. Safar doirasida u Kursk AESda ham bo‘lgan. AES Kurchatov shahrida joylashgan bo‘lib, Kurskdan 46 km uzoqlikda joylashgan.
Bundan tashqari, muxbir Andrey Kolesnikov o‘z reportajida Putin Kursk viloyati bo‘ylab kortejida harakatlanganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident safar paytida vertolyotdan emas, avtokolonnadan foydalangan va atrofda Ukraina Qurolli kuchlari dronlari havoda bo‘lgani videokadrlarda aniq ko‘ringan.
Shu tariqa, Rossiya rasmiylari prezidentga tahdid soluvchi holatlarni bartaraf etganini ta’kidlayotgan bo‘lsa, voqea tafsilotlarida ziddiyatli ma’lumotlar ham mavjud.





