add

Labubu o‘yinchoqlari: Xitoyning uzoq yillar mobaynida orzu qilgan «yumshoq kuchi»

11.07.2025 | 09:4017609

Labubu shunchaki o‘yinchoq emas. U Xitoyda yaratilgan brend (IP) bo‘lib, birinchi marta dunyo bo‘ylab iste’molchilar orasida juda mashhur bo‘ldi. Eng qizig‘i, bu muvaffaqiyat hukumat rejalashtirgan holda emas, o‘z-o‘zidan sodir bo‘ldi. 

Labubu o‘yinchoqlari: Xitoyning uzoq yillar mobaynida orzu qilgan «yumshoq kuchi»
The Diplomat nashrining yoshishicha, 2025 yilda eng ko‘p qiziqilgan narsa dizaynerlik sumkasi yoki eng so‘nggi texnologik qurilma emas. Bu safar e’tibor markazida — tishlarini ko‘rsatib jilmayib turgan yumshoq elf o‘yinchoq: Labubu. Labubu butun dunyoda mashhur bo‘lib ketdi. Devid Bekhem, Riana, Dua Lipa va Blackpink guruhi a’zosi Liza, hatto Tailand qirollik oilasi vakillari ham o‘z Labubu kolleksiyalarini namoyish qilmoqda. Bu o‘yinchoq aslida 2015 yilda hongkonglik rassom Kasing Lung tomonidan «The Monsters» nomli rasmli kitoblar uchun yaratilgan edi. 2019 yilda esa Pop Mart nomli kompaniya uni «ko‘r quti» uslubidagi to‘planadigan o‘yinchoq sifatida sotuvga chiqardi. «Ko‘r quti» shuni anglatadiki, xaridor qutini ochmaguncha uning ichida qanday o‘yinchoq borligini bilmaydi. Shu tarzda Labubu ommaviy mashhurlikka erishdi. O‘shandan beri Labubu millionlab odamlarni o‘ziga rom etgan va dizaynerlik o‘yinchoqlari sanoatini milliardlab dollarlik bozorga aylantirgan. Labubu yumshoq o‘yinchoqlari do‘konlarda bir necha daqiqada sotilib ketadi, muxlislar esa ularni olish uchun soatlab navbat kutishadi. Balandligi bir metr bo‘lgan va noyob yalpiz rangdagi Labubu kabi maxsus nashrlar kimoshdi savdolarida 150 ming dollardan ham yuqori narxlarga sotilgan. Labubu oddiy o‘yinchoq emas. U Xitoyning uzoq yillardan beri orzu qilingan «yumshoq kuchi» ning kutilmagan tarzda yuzaga kelgan timsoliga aylandi. Xitoy hukumati yillar davomida «Bir makon, bir yo‘l»  tashabbusi orqali o‘zini ijobiy ko‘rsatishga harakat qildi, turizmni rivojlantirish uchun vizasiz kirish tizimini joriy etdi va mahalliy brendlarni targ‘ib qilishga intildi. Biroq, bu harakatlarning hech biri Labubu kabi oddiy bir o‘yinchoqning o‘z-o‘zidan butun dunyoda shuhrat qozonishiga teng kela olmadi. Masalan, Yaponiya 2010 yilda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Cool Japan»  dasturini ishga tushirgan yoki Janubiy Koreya o‘z madaniyatini eksport qilish uchun rejalashtirilgan strategiyalarni qo‘llagan. Labubu esa butunlay boshqacha yo‘l bilan muvaffaqiyatga erishdi — u rejalarsiz mashhur bo‘ldi: muxlislar uni targ‘ib qildi, TikTok orqali tez tarqaldi va mashhurlar tomonidan maqtaldi. Labubu atrofidagi vasvasa nafaqat siyosiy, balki madaniy jihatdan ham muhim o‘zgarishlarni aks ettiradi. bugungi kunda o‘yinchoqlar bozori faqat bolalarga emas — kattalarga ham mo‘ljallangan. Nostalgiya, qulaylik va bolalikka qaytish istagi tufayli kattalar o‘yinchoqlarga katta miqdorda pul sarflashmoqda. Shu sababli «kidult» (ya’ni, «yoshi katta bolalar») deb ataladigan yangi xaridorlar guruhi paydo bo‘ldi. Labubu shov-shuvi aynan shu tendensiyaning bir qismidir — milleniallar va Z avlodi vakillari bu o‘yinchoqni shaxsiy ifoda, mavqe va jamiyatga tegishli bo‘lish belgisi sifatida qabul qilishmoqda. Bundan tashqari, Labubu o‘yin va moliya o‘rtasidagi tobora yaqinlashayotgan bog‘liqlikni ham ko‘rsatadi. Uni qayta sotish bozori birja kabi ishlaydi: o‘yinchoqlarning kamligi ularning qiymatini oshiradi, ular bilan bog‘liq hissiyotlar esa talabni kuchaytiradi. Bu — yuzaki ko‘rinadigan, ammo murakkab va his-tuyg‘ularga asoslangan kapitalizmning bir ko‘rinishidir. Bu mitti baxmal o‘yinchoq global shov-shuvga aylanishi uchun qariyb o‘n yil kerak bo‘ldi. Ammo trend ommalashgani sari ko‘plab ko‘ngilsizliklarga ham sabab bo‘lmoqda. Masalan, London, Seul kabi shaharlarda Pop Mart o‘yinchoqlarini sotib olishga uringan muxlislar orasida janjallar chiqqach, kompaniya ba’zi joylarda savdoni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Dunyo bo‘ylab Labubuʼning soxta nusxalari ko‘paygani esa intellektual mulk huquqlari va iste’molchilarning ishonchiga oid xavotirlarni kuchaytirmoqda. Labubu kulgili va sho‘x elfga o‘xshashi mumkin, ammo uning madaniy ta’siri juda jiddiy. Bu endi shunchaki o‘yinchoq emas. U Xitoyning nafaqat mahsulot, balki istak va orzular ishlab chiqarayotgan mamlakatga aylanganini ko‘rsatadi. Ba’zilar Labubuʼni avvalgi moda o‘yinchoqlar — jingalak ip yigiruvchilar, Beanie Babies yoki Tamagotchilar kabi vaqtinchalik trend deb o‘ylashi mumkin. Ammo bu undan chuqurroq narsa. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid