
Lagard: Yevro dollarning global muqobiliga aylanishi mumkin
27.05.2025 | 15:0032404
Yevropa markaziy banki prezidenti Kristin Lagard yevroning xalqaro nufuzini oshirish imkoniyati paydo bo‘lganini bildirdi. Ammo buning uchun Yevropa ittifoqi moliyaviy va xavfsizlik infratuzilmasini mustahkamlashi kerak.

Yevropa markaziy banki (YeMB) prezidenti Kristin Lagardning ta’kidlashicha, agar Yevropa hukumatlari moliyaviy hamda xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirsa, yevro dollarga munosib global muqobiliga aylanishi mumkin. U bu fikrlarni Berlindagi Herti maktabidagi ma’ruzasi chog‘ida bildirdi.
So‘nggi oylarda AQSHning notinch iqtisodiy siyosati tufayli xalqaro investorlar dollar aktivlaridan qochib, oltinga murojaat qilmoqda. Biroq yevro hozircha bevosita muqobil sifatida ko‘rilmayapti.
«Hozirgi o‘zgarishlar «global yevro lahzasi»ni yaratishi mumkin. Ammo yevro nufuzni o‘z-o‘zidan emas, harakat orqali qozonishi kerak», — dedi Lagard.Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga erishish uchun Yevropa: – chuqurroq va likvid kapital bozori yaratishi; – qonuniy asoslarini mustahkamlashi; – ochiq savdoni xavfsizlik salohiyati bilan ta’minlashi kerak. Hozirda dollar xalqaro zaxiralarning 58 foizini tashkil etsa, yevroning ulushi 20 foizdan oshmagan. Bu AQSH valyutasi nufuzining pasayishini ko‘rsatsa-da, yevro hali unga yaqinlasha olgani yo‘q. Lagard yevroning mavqeini oshirish uchun Yevropa davlatlari tashqi savdo hisob-kitoblarida yevroni asosiy valyuta sifatida qabul qilishi, yangi savdo kelishuvlari va YeMB bilan likvidlik shartnomalarini yo‘lga qo‘yishi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u ichki bozordagi muammolarni ham hal etish zarurligini aytdi. Jumladan, yevrohudud kapital bozori hanuzgacha parchalangan, likvid aktivlar yetishmaydi va xavfsiz aktivlar taqchil.
«Iqtisodiy mantiq shundan dalolat beradiki, jamoat mulklari birgalikda moliyalashtirilishi kerak. Bu orqali Yevropa xavfsiz aktivlar taklifini bosqichma-bosqich kengaytirishi mumkin», — deya ta’kidladi Lagard.Biroq birgalikda qarz olish ba’zi mamlakatlar, xususan Germaniya uchun hali ham murosasiz mavzudir. Ular boshqa davlatlar moliyaviy beqarorligi uchun o‘z soliq to‘lovchilari javobgar bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Yevropa bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishsa, Lagard fikricha, investorlarning oqimi ortib, mahalliy bozorda qarz olish arzonlashadi, valyuta kurslariga bog‘liqlik kamayadi va xalqaro sanksiyalardan himoya mustahkamlanadi.





