
Latviyaga ishga yuborishni va’da qilib, pora olganlar ushlandi
20.08.2025 | 15:0549992
O‘zbekistonda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bahonasida yirik mablag‘ talab qilingan holatlar fosh etildi.

Migratsiya agentligi orqali qonuniy ishga yuborish imkoniyatlari kengayayotganiga qaramay, ayrim fuqarolar soddaligi sababli firibgarlar tuzog‘iga tushmoqda.
DXX xabariga ko‘ra, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi shaxs o‘zining MCHJsi orqali Latviyaga ishga chiqishni va’da qilib, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi to‘rt nafardan viza uchun 10 ming dollar talab qilgan. U Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda Urganch shahrida pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Toshkent viloyatidagi yana bir holatda, Angren shahrida yashovchi shaxs Andijonlik uch fuqaroga elchixonada ishlovchi tanishlari orqali viza olib berishni va’da qilgan. U bunga 8250 dollar talab qilib, mablag‘ning bir qismi — 2100 dollarini olgan paytda DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda. Mutasaddilar fuqarolarni xorijda ishga joylashishda faqat rasmiy kanallarga ishonishga chaqirmoqda.





