
LGBTni deb: Yevropa Ittifoqi va 15 davlat elchilari Qozog‘iston hukumatiga qarshi birlashdi
YI vakolatxonasi va 15 dan ortiq davlat elchixonalari Qozog‘istonda LGTB targ‘iboti taqiqlanishi yuzasidan bayonot e’lon qildi.

Qozog‘istonda akkreditatsiyadan o‘tgan 15 dan ortiq diplomatik missiyalar va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi “LGBT targ‘ibotini taqiqlash”ga doir qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Bayonotda mazkur tuzatishlar mamlakatning xalqaro inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlariga zid ekani haqida chuqur xavotir bildirildi.
Ularning fikricha, ushbu tuzatishlar:
- Qozog‘istonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga zid keladi;
- Huquq normalarining o‘zboshimchalik bilan talqin qilinishi xavfini tug‘diradi;
- Diskriminatsiyadan xoli bo‘lish kabi asosiy erkinliklarga daxl qilishi mumkin.
Bayonotda, shuningdek, jinsiy orientatsiya va pedofiliya o‘rtasida o‘xshashlik keltirilgan qoidalarga ham e’tiroz bildirilgan. Mualliflar bunday talqinni noto‘g‘ri deb hisoblagan va butun dunyoda pedofiliya og‘ir jinoiy jinoyat sifatida ko‘rilishini aytgan.
"Shu munosabat bilan, mazkur o‘zgartirishlar Qozog‘istonning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin", — deyiladi xabarda.
Diplomatik vakolatxonalar ushbu masala yuzasidan Qozog‘iston rasmiylari bilan "konstruktiv muloqotga" tayyor ekanliklarini bildirgan.
2025 yil dekabr oyi o‘rtalarida Qozog‘iston Senati LGTB targ‘ibotini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan edi. Keyinchalik hujjat prezident Qosim Jomart To‘qayev tomonidan imzolandi.





