
Litsenziyalar o‘yini: Oliy ta’lim vazirligi yolg‘onchimi?
29.08.2025 | 22:0428477
Oliy ta’lim vazirligi 5 ta xususiy universitetning qo‘shimcha litsenziyasini texnik xatolik deb atadi. Adliya vazirligi tizimda xatolik bo‘lganini rad etdi. Oliy ta’lim vazirligi faoliyatida litsenziyalash bilan bog‘liq bunaqa holat birinchisi emas.

Bugun, 29 avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi beshta universitetga bir nechta qo‘shimcha yo‘nalishlar bo‘yicha berilgan litsenziyalarni texnik xatolik, deb e’lon qilgan edi. Lekin, Adliya vazirligi tegishli tizimda nosozlik bo‘lganini rad etdi.
«Litsenziya» axborot tizimi (license.gov.uz)da texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagan va tizim shtat rejimida ishlab turibdi», – deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.
Biroq, Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, 29 avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha license.gov.uz axborot tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli, ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan.
Oliy ta’lim vazirligi quyidagi ta’lim tashkilotlariga yangi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, ta’lim shakllari va faoliyat manzillari bo‘yicha qabul jarayonlarini tashkil etish uchun 29 avgust kuni hech qanday ruxsat berilmaganini aytmoqda:
— «University of Business and Scienc» MCHJ – masofaviy ta’lim shakllariga;
— «Osiyo xalqaro universiteti» MCHJ – ayrim masofaviy ta’lim shakllariga hamda Xorazm viloyati, Urganch shahridagi yangi faoliyat manziliga;
— «Iqtisodiyot va pedagogika universiteti» NTM – tibbiyot yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari, masofaviy ta’lim shakllari hamda Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi yangi faoliyat manziliga;
— «Sharq-University» MCHJ – bank ishi, buxgalteriya hisobi ta’lim yo‘nalishlari va barcha kechki va masofaviy shakllarga;
— «Profi University» MCHJ – yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi, masofaviy shakl va barcha magistratura mutaxassisliklariga.
«Shu sababli, mazkur tashkilotlar tomonidan yuqoridagi yo‘nalishlar, mutaxassisliklar, ta’lim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha e’lon qilinayotgan ma’lumotlar asossiz hisoblanadi», – deyiladi vazirlik bayonotida.
Adliya vazirligiga ishoniladigan bo‘lsa, sanalgan universitetlarning bugun ertalab olgan litsenziyalari (qo‘shimcha yo‘nalishlar bilan) to‘liq yuridik asosga ega va ularni litsenziya bazasidan topish mumkin.
Qayd etish kerak, bu Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nodavlat OTMga texnik xatolik oqibatida litsenziya berilgani aytilgan ilk holat emas. 2024 yilning 21 avgust kuni «Abu Rayhon Beruniy universiteti» NTMga litsenziya bergan vazirlik bir oy o‘tgach bu litsenziya «tizimda yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab xato berilgan»ini ma’lum qilgandi. Vazirlik uni bekor qilish haqida sudga ariza ham kiritgan edi.
«Tasavvur qiling, masalan Markaziy bank XXX, UUU, ZZZ banklariga litsenziya bersa-da, saytiga yoki litsenzion portalga ularning litsenziyasi joylangach, bu texnik xatolik bo‘lgan ekan deb tursa. Kim ishonadi? Ishondiyam deylik, bundan keyin reputatsiya nima bo‘ladi? Diskreditatsiya bo‘lgan organning avvalgi va keyingi qarorlari ham shubha ostida qoladimi?», - deya yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.
Ma’lumot uchun, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»ga qonunning 14-moddasiga binoan, litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.





