add

Liverpul ringidagi muvaffaqiyatli janglar: besh bokschimiz finalda!

13.09.2025 | 08:3013366

Yana kamida ikki bronza va finalga yo‘l olgan o‘zbek bokschilari — kecha Liverpuldagi boks chempionatida O‘zbekiston termasi uchun muhim kun bo‘ldi.

Liverpul ringidagi muvaffaqiyatli janglar: besh bokschimiz finalda!
Liverpul shahrida World Boxing shafeligi ostida o‘tayotgan boks bo‘yicha ilk jahon chempionatida 12 sentyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar bokschisi chorakfinal janglarini o‘tkazdi. Ulardan ikkitasi yarimfinalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday qilib, yana ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi jahon medallari uchun kurashni davom ettiradi. Bu musobaqaga borgan 18 nafar bokschimizdan 11 nafari medal bilan yurtga qaytishini anglatadi. 48 kg vazn toifasida Sabina Boboqulova italiyalik raqibi Jovanna Marcheseni 5:0 hisobida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U bugun yarimfinalda qozog‘istonlik Nozim Qizaybayga qarshi ringga chiqadi. Erkaklar o‘rtasidagi 85 kg vazn toifasida Akmaljon Isroilov ispaniyalik Rikardo Fresnadani 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarimfinal ishtirokchisiga aylandi. 50 kg vaznda ringga chiqqan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev esa yapon bokschisi Soushi Makinoga qarshi jangda 2:3 hisobida yutqazib, chempionatni chorakfinalda tark etdi. Kecha yarimfinal janglari ham o‘tkazildi. Erkaklar o‘rtasida 60 kg vaznli bokschilar musobaqasida ringga ko‘tarilgan Abdumalik Xaloqov yaponiyalik Shunsuke Kitamoto ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi. U 14 sentyabr kuni oltin medal uchun jangda braziliyalik Luis Gabriel de Oliveyraga qarshi ringga chiqadi. Ayollar o‘rtasidagi 65 kg vaznli bokschilar o‘rtasida o‘tgan yarimfinal jangida Navbahor Hamidova taybeylik Neyn-chin Chenni 3:2 hisobida dog‘da qoldirib finalga chiqdi. Finalda Navbahor qozog‘istonlik Aida Abikeyevaga qarshi jang qiladi. Erkaklar o‘rtasidagi 75 kg vazn toifasida yarimfinal jangida ringga chiqqan hamyurtimiz Fazliddin Erkinboyev ozarboyjonlik Saidjamshid Safarovni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi. U finalda bolgariyalik Kivan Ramiga qarshi kurashadi. Erkaklar o‘rtasidagi 90  kg vazn toifasida yarimfinal jangida ringga chiqqan To‘rabek Xabibullayev ispaniyalik Emmanuel Reyes Plani 4:1 hisobida mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi. U finalda braziliyalik Isayas Filyoga qarshi jang qiladi. Erkaklar o‘rtasidagi 90+ kg vazn toifasida yarimfinal jangida xitoylik bokschi Danabek Bayqo‘ziga qarshi ringga chiqqan Jahongir Zokirov 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va finalga yo‘l oldi. Final janglari 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.   Bugun bo‘lib o‘tadigan yarimfinal janglari Ayollar (48 kg).  16:00. Sabina Boboqulova – Nozim Qizaybay (Qozog‘iston) Ayollar (50 kg).  22:00. Feruza Kazakova – Bo‘sanoz Chaqiro‘g‘lu (Turkiya) Ayollar (70 kg).  23:00. Aziza Zokirova – Lakeysha Pergoliti (Avstraliya) Erkaklar (65 kg).  18:45. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Lasha Guruli (Gurjiston) Erkaklar (80 kg).  19:00. Javohir Ummataliyev – Gabriel Veochich (Xorvatiya). Erkaklar (85 kg).  23:45. Akmaljon Isroilov  – Maykl Deruishe (Avstriya).

Teglar

Mavzuga oid

Liverpul ringidagi muvaffaqiyatli janglar: besh bokschimiz finalda! | Vaqt.uz