
Liviya 1 mln nafar g‘azolikni qabul qilishga tayyormi?
31.05.2025 | 19:3021063
Liviya milliy armiyasi rahbari Xalifa Xaftarning 1 mln nafar g‘azolik qochqinni qabul qilish niyati haqidagi xabarlar rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, bu ma’lumot xalqaro siyosiy muhitda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Xalifa Xaftar 1 mln g‘azolik qochqinni Liviyada qabul qilishi haqidagi xabarlar turli manbalarda tarqaldi. Bu ma’lumotlar, ayniqsa, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuvlar doirasida muhokama qilinmoqda.
Xaftarning Rossiya bilan yaqin aloqalari ma’lum. 2025 yil 10 may kuni u Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Ushbu uchrashuvda Liviya milliy armiyasiga ko‘rsatiladigan harbiy yordam va gumanitar masalalar, jumladan, muhojirlar masalasi muhokama qilingan.
Biroq AQSHning Liviyadagi elchixonasi bu xabarlarni rad etdi. Elchixona rasmiy bayonotida AQSH hukumati Liviyaga falastinlik muhojirlarni joylashtirish bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib bormaganini ta’kidladi.
Liviyaning rasmiy hukumati ham bu xabarlarga munosabat bildirib, mamlakat falastinlik muhojirlarni qabul qilish rejasiga ega emasligini ma’lum qildi. Bu bayonotlar Liviyadagi siyosiy va gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda mamlakatning bunday miqyosdagi qochqinlarni qabul qilishga tayyor emasligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga AQSHdagi ayrim manbalar, jumladan, NBC News, AQSH hukumati G‘aza sektoridagi 1 mln nafargacha falastinlikni Liviyaga ko‘chirish rejasini muhokama qilayotgani haqida xabar berdi. Bu reja doirasida AQSH Liviyaning muzlatilgan aktivlarini erkinlashtirishni taklif qilmoqda.
Hozircha Xaftarning bu boradagi rasmiy bayonoti mavjud emas. Shu sababli bu xabarlar faqatgina taxmin va rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar sifatida qaralmoqda.





