
Lonely Planet Tojikistonni 2026 yilning eng yaxshi 25 sayohat yo‘nalishi qatoriga kiritdi
Mashhur Lonely Planet yo‘lboshchi jurnali Tojikistonni 2026 yil uchun dunyodagi eng ilhomlantiruvchi 25 turistik manzillar qatoriga kiritdi. Asosiy e’tibor mamlakatning Pomir tog‘lariga qaratilgan.

Mashhur sayohat nashri Lonely Planetning navbatdagi reytingida Tojikiston 2026 yil uchun dunyodagi eng yaxshi 25 turistik tajribalar qatoriga kiritildi. Mutaxassislar mamlakatni tabiatni yaxshi ko‘radigan va sayohatda faol dam olishni xush ko‘radiganlar uchun ideal yo‘nalish sifatida baholagan.
Nashrga ko‘ra, Pomir tog‘lari bugungi kunda dunyodagi eng ilhomlantiruvchi sayohat nuqtalari qatoriga kiradi. U yerda sayyohlarni hayratlantiruvchi tog‘ manzaralari, chinnidek toza havo va haqiqiy ochiq tabiat muhiti kutib turadi.
Tojikistonning joylashuvi nisbatan chekkada bo‘lishiga qaramay, mamlakat mehmonlari mahalliy aholi mehmondo‘stligining jonli guvohiga aylanmoqda. Cho‘ponlar, yo‘lboshchilar yoki baliqchilar sayyohlarni gulxan atrofidagi samimiy suhbatga taklif etishi odatiy holat ekani ta’kidlanadi.
Nashr ayniqsa mamlakatning sharqiy qismida joylashgan Pomir tog‘lariga alohida e’tibor qaratgan. Bu tog‘lar Tojikistonning tabiiy ramzlaridan biri bo‘lib, Pomir xalqi madaniyati, taomlari va tili mamlakatning boy madaniy merosining ajralmas qismi ekani qayd etilgan.
Pomir trakti bo‘ylab sayohat qilish o‘nlab manzarali maskanlar va esda qolarli yo‘nalishlarni ochib beradi. Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–aprel oylarida Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati hududiga 2 mingdan ortiq ichki va 600 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. 2024 yil yakuniga ko‘ra esa mamlakatda 200 ga yaqin turizm kompaniyasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, shularning 35 tasi aynan Tog‘li Badaxshon hududida ishlagan.





