
Los-Anjelesda havo kirakashlari ish boshlashi mumkin
17.05.2025 | 09:3040393
2028 yilda Los Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari davomida tomoshabinlar shaharning mashhur tirbandligidan qochish uchun havo taksilari xizmatidan foydalanishlari mumkin.

LA28 tashkiiy qo‘mitasi Archer Aviation kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu xizmatni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Archer Aviation kompaniyasi o‘zining Midnight deb nomlangan elektr vertikal uchish va qo‘nish (eVTOL) samolyotini ishga tushirishni mo‘ljallamoqda. Bu uchoq 4 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, vertolyotga o‘xshab tik uchadi va qo‘nadi. Har bir parvoz 10–20 daqiqa davom etadi va Olimpiya ob’ektlari orasida harakatlanishni ta’minlaydi.
Uchoqlar hali AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) tomonidan to‘liq sertifikatlanmagan. Archer Aviation rahbari Adam Goldshteyn 2025 yil oxirigacha zarur ruxsatnomalarni olishga umid qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, havo taksi narxlari yuqori darajali Uber xizmatlari bilan taqqoslanadigan bo‘ladi.
Midnight uchog‘i 12 ta dvigatel va propellerga ega bo‘lib, an’anaviy vertolyotlarga nisbatan kamroq shovqin va chiqindi chiqaradi. Archer kompaniyasi Boeing va United Airlines tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Los Anjeles 1984 va 1932 yillarda ham Olimpiya o‘yinlarini qabul qilgan. 2028 yildagi o‘yinlar davomida shaharda avtomobillar harakati cheklanishi kutilmoqda, bu esa havo taksilariga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi.





