
Lukashenko Mirziyoyevga: «Biz sizni kutyapmiz!»
28.06.2025 | 10:3014553
Minskda bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko yana O‘zbekistonga ochiqcha murojaat qildi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskda o‘tkazilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) sammitida yana O‘zbekistonni tuzilmaga to‘liq a’zo sifatida kirishga chorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOII davlatlari O‘zbekistonni «hamisha do‘st va yaqin ittifoqchi» sifatida ko‘radi va a’zo sifatida qabul qilishga tayyor.
«Siz YeOIIning qadrdon do‘stisiz. Biz sizni ittifoqimizning to‘laqonli a’zosi sifatida ko‘rishni hamisha intizorlik bilan kutamiz. Bundan xursand bo‘lamiz», - dedi Lukashenko Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib.
O‘zbekiston 2020 yildan beri YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega. Ammo mamlakat hozircha tuzilmaga to‘liq qo‘shilishdan tiyilib turibdi. Sababi — ittifoq doirasidagi savdo, bojxona va mehnat bozoriga oid cheklovlar O‘zbekiston iqtisodi uchun yetarlicha foyda bermasligi haqidagi xavotirlardir.
Ko‘plab mustaqil tahlilchilar fikricha, YeOIIga a’zo bo‘lish O‘zbekistonni Rossiya iqtisodiy ta’siriga yaqinlashtirishi, milliy ishlab chiqarish va bozorlarini muhofaza qilishda muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, rasmiy Toshkent bu masalada ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.
Ma’lumot uchun, Lukashenko bir necha bor O‘zbekistonni YeOIIga qo‘shilishga da’vat etgan.
26 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Belarus Respublikasiga borgandi. Davlat rahbari 27 iyun kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.





