
Lukashenko O‘monga kelib «g‘oyib bo‘ldi»: rasmiylar jim turibdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘monga tashrifi sirga aylandi — mahalliy OAV tashrifni umuman yoritmadi, Belorus propagandasi ham uning qayerdaligini aniq aytmay turibdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘monga yetib kelganidan keyin kutilmaganda «radarlardan g‘oyib» bo‘ldi. Tashrif haqidagi birinchi va yagona xabar 28-noyabr kuni Lukashenko matbuot xizmatiniki deb atalayotgan norasmiy kanal tomonidan berildi. Shu vaqtdan beri O‘mon tomoni ham, belarus rasmiy OAVlari ham uning tashrifiga oid hech qanday ma’lumot e’lon qilmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Masqatda Lukashenkoni O‘mon Investitsiya agentligi rahbari Abdussalom al-Murshidiy kutib olgan. Biroq agentlikning rasmiy resurlari, O‘mon Tashqi ishlar vazirligi va sultonlik devoni bu uchrashuv haqida hech qanday xabar bermagan. Bunday darajadagi tashrifda odatda rasmiy axborot e’lon qilinadi, ammo bu safar vaziyat butunlay boshqacha ko‘rinish oldi.
O‘monning yetakchi OAVlari — Oman News Agency, Al Watan, Times of Oman, Oman Daily Observer, Muscat Daily va boshqa nashrlar ham Lukashenko tashrifi haqida hech qanday ma’lumot bermadi.
Belorus propagandasi esa 29-noyabr kuni uchta xabar tarqatdi, ammo ularning birortasi prezidentning O‘mon tashrifiga oid emas. Bu holat ayniqsa ajablanarli, chunki tashrif oldidan Lukashenko Minskda sulton Haysam bin Toriq bilan «amaldagi kelishuvlarni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni muhokama qilish» niyatini bildirgan edi.
Tahlilchilarning fikricha, Lukashenkoning kutilmaganda «g‘oyib bo‘lishi» bir qator savollarni ochiq qoldirmoqda. Siyosiy faollar buni belorus rejimi atrofidagi izolyatsiyaning yana bir belgilari sifatida baholayotgani ham yo‘q emas.
Shuni ta’kidlash kerakki, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uyushtirganidan buyon Lukashenko rejimi Moskva agressiyasini ochiq qo‘llab-quvvatlab keladi. Belarus hududi Rossiya qo‘shinlari uchun platsdarm sifatida ishlatilgan va ishlatilmoqda.





