
«Lukoil» asoschisi Leonid Fedun kompaniyadagi ulushini to‘liq sotdi
U 1996 yildan beri «Lukoil» vitse-prezidenti sifatida ishlab kelgan. 2022 yilda Ukrainada urush boshlangach, bu lavozimni tark etgan edi. Fedun «Lukoil»dan ketishini «pensiya yoshi va oilaviy sabablar» bilan izohlagan.

«Lukoil» neft giganti hammuassisi Leonid Fedun kompaniyadagi ulushini to‘liq sotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Reuters agentligi London va Moskvadagi uchta manbaga tayanib, bergan ma’lumotlariga ko‘ra, asli ukrainalik, hozirda Monakoda istiqomat qiluvchi Fedun 2025 yil boshida o‘zining taxminan 10 foizlik ulushini korporatsiyaning o‘ziga sotgan. Bozor qiymati hisobida bu paket 7 milliard dollarga baholanadi, ammo amalda bu summa tadbirkorga to‘langanmi yoki yo‘qmi oshkor etilmagan.
1990 yillardagi xususiylashtirish jarayonlarida boylik orttirgan 69 yoshli Fedun Rossiyadagi eng nufuzli biznesmenlardan biri sifatida tanilgan. U asli harbiy maktab bitiruvchisi bo‘lib, 1980 yillarda Sibirda Vagit Alekperov bilan tanishgan va SSSR parchalanganidan keyin «Lukoil»ni shakllantirishda birga ishlagan. Alekperov kompaniyani ichki bozorda rivojlantirgan bo‘lsa, Fedun tashqi va ichki aktivlarni sotib olish strategiyalarini yuritgan.
Ularning boshqaruvi ostida «Lukoil» 2000 yillar davomida global energiya bozorining yirik o‘yinchisiga aylangan edi. 2004 yilda ConocoPhillips kompaniyaning katta ulushini sotib olgan, biroq 2010 yilda kompaniya AQSHdagi asosiy biznesga qaytish maqsadida bu ulushdan voz kechgan.
Fedun bir vaqtlar Moskvadagi «Spartak» klubining asosiy investori sifatida ham tanilgan. Ammo 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan «Lukoil»ning vitse-prezidentlik lavozimini tark etagan va «Spartak»dagi ulushini sotgan.
Reutersga ko‘ra, kompaniyaning yana bir asoschisi Vagit Alekperov ham 2022 yilda Buyuk Britaniya va Avstraliya unga qarshi sanksiyalar kiritganidan keyin bosh direktor lavozimini tark etgan bo‘lsa-da, kompaniya ishlariga ta’sir o‘tkazib kelyapti. Fedun esa butunlay soyada qolib, biznesdan to‘liq chekingan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil oktabr oyida AQSH va Buyuk Britaniya «Lukoil», «Rosneft» va ularga qarashli 34 ta shu’ba kompaniyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilgan edi. Bu choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush harakatlari fonida qabul qilingan. Sanksiyalardan so‘ng «Lukoil» xorijiy aktivlarini sotish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Ularni xarid qilishga ilk da’vogar sifatida Shveysariyaning Gunvor treyderi maydonga chiqqan. Biroq Gunvorʼning asoschilaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi bilan tanilgan Gennadiy Timchenko ekani sababli, AQSH bitimga rozilik bermadi. Vashington Ukrainadagi urush tugamaguncha ushbu kompaniyaga xorijda biznes yuritish uchun litsenziya berilmasligini bildirdi. Undan keyin ba’zi xorijiy kompaniyalar ham kompaniyaning aktivlariga qiziqish bildirgan.





