add

«Lukoil»ning O‘zbekistondagi aktivlarini sotib olish masalasi hozircha kun tartibida yo‘q — «O‘zbekneftgaz»

Bahodir Sidiqovga ko‘ra, sanksiyalar «Lukoil» faoliyati va O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga muqarrar ta’sir ko‘rsatadi.

«Lukoil»ning O‘zbekistondagi aktivlarini sotib olish masalasi hozircha kun tartibida yo‘q — «O‘zbekneftgaz»

«O‘zbekneftgaz» davlat kompaniyasi va Rossiyaning «Lukoil» neft-gaz kompaniyasi AQSH sanksiyalarining O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga bo‘lishi mumkin bo‘lgan ta’sirini muhokama qilmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Bahodir Sidiqov Gazeta’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, joriy etilgan cheklovlarni muhokama qilish uchun 28 oktyabr kuni «Lukoil» bilan uchrashuv rejalashtirilgan. Hozircha O‘zbekiston tomonidan Rossiya aktivlarini sotib olish masalasi ko‘tarilmaydi.

«Menimcha, hozir sotib olish masalasi ko‘tarilmaydi, menimcha. Hozir «Lukoil»ning pozitsiyasini ham eshitamiz. O‘ylashimcha, bunday muddatda qandaydir ob’ektni sotib olish, boshqa har qanday davlat uchun ham, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 21 noyabrgacha narx bo‘yicha kelishish… Masalan, men bunday vaziyatda sotmagan bo‘lardim», - dedi u.

«Lukoil» ilgari ham xalqaro aktivlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, litsenziya muddatini uzaytirish bo‘yicha ariza topshirishni rejalashtirganini ma’lum qilgan edi.

«Maydon bor, ma’lum sanksiyalar muddatini uzaytirish imkoniyati mavjud. Biroq bu ham — hozir Amerika tomoni bilan ham muzokaralar olib borishimiz kerak bo‘ladi. Bu uzoq muddatli jarayon», - deb ta’kidladi u.

Sidiqov sanksiyalar «Lukoyl» faoliyati va O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga muqarrar ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qilgan.

«Har qanday holatda ham bu ularning va bizning faoliyatimizga ta’sir qiladi. U yerda ular bilan moliyaviy aloqalar o‘rnatish imkonsiz bo‘ladi. Bugun biz barcha variantlarni muhokama qilamiz», - degan «O‘zbekneftgaz» rahbari.

Eslatib o‘tamiz, «Lukoyl» avvalroq ayrim davlatlar tomonidan joriy etilgan cheklovlar tufayli xalqaro aktivlarini sotish niyatini bildirgan. AQSH Moliya vazirligi «Rosneft», «Lukoil» va ularning 34 ta tarmoq korxonalarini yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. AQSH va xorijiy davlatlar fuqarolari yoki moliya institutlariga 21 noyabrdan keyin ushbu kompaniyalar va ularning sho‘ba korxonalariga yordam berish taqiqlanadi, aks holda barchaga sanksiyalar tahdid soladi.

Gazeta'ga ko‘ra, «Lukoyil» O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sohasidagi eng yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi. 2024 yilda kompaniyaning umumiy investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshgan. «Lukoyl»ning O‘zbekistondagi eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi bo‘lib, uning umumiy sarmoyasi 3,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Teglar

Mavzuga oid

«Lukoil»ning O‘zbekistondagi aktivlarini sotib olish masalasi hozircha kun tartibida yo‘q — «O‘zbekneftgaz» | Vaqt.uz