add

Luvr muzeyidagi talonchilik ortida Rossiyaning qo‘li borligi bo‘yicha shubhalar kuchaydi

Bugun 23:082322 Daqiqa

O‘g‘rilar 15 ming yevroga topshiriq olganini aytdi, fransuz maxsus xizmatlari esa hodisada tashqi kuchlar aralashuvi ehtimolini o‘rganishni boshladi.

Luvr muzeyidagi talonchilik ortida Rossiyaning qo‘li borligi bo‘yicha shubhalar kuchaydi

Fransiyadagi dunyoga mashhur Luvr muzeyida sodir etilgan talonchilik jinoyati bo‘yicha surishtiruv chuqurlashar ekan, qo‘lga olingan gumondorlarning bayonotlari mojaroni yanada keskinlashtirdi. Fransuz OAViga ko‘ra, to‘rt nafardan iborat guruhning oxirgi a’zosi ham ushlangan. Gumondorlardan biri politsiyaga bergan dastlabki ko‘rsatmasiga ko‘ra, u talonchilik topshirig‘ini «slavyan aksentli ikki shaxs»dan 15 ming yevroga olganini aytgan. Bu esa Fransiya maxsus xizmati tomonidan avvaldan tilga olinayotgan ehtimoliy Rossiya izi haqidagi shubhalarni yanada kuchaytirdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolari Parijning Sen-Deni tumanida yashagan va oldingi jinoiy faoliyati katta bo‘lmagan shaxslar bo‘lgan. Shuning uchun mutaxassislar bu qadar murakkab va professional rejalashtirilgan talonchilik bunday past profilli gumondorlar tomonidan mustaqil amalga oshirilishi qiyinligini ta’kidlashmoqda. Talonchilikda jami 9 ta qimmatbaho tarixiy ashyo o‘g‘irlangan, ulardan 8 tasi hali ham topilmagan.

Gumondorlarning ta’kidlashicha, ularga ko‘rsatma bergan shaxslar ham xuddi shu slavyancha aksentda gapirgan. Fransuz maxsus xizmatining dastlabki hisobotida hodisaning Fransiyani «ichkaridan beqarorlashtirish»ni maqsad qilgan tashqi mudoxalaga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Ayrim ma’lumotlar Rossiya tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi ehtimolini ham tilga olgan.

19-oktabrda Luvr muzeyidagi Qirollik zeb-ziynatlari joylashgan Apollon galereyasi qismiga 7 daqiqalik hujum amalga oshirilgan. O‘g‘rilar qimmatbaho 9 eksponatni olib qochgan, Imperator ayol Yevgeniyaga tegishli toj esa tashqi hovlining bir qismida shikastlangan holda topilgan. Qimmatbaho 8 ashyo hamon qidirilmoqda.

Hisobotlargako‘ra, muzeyda xavfsizlik tizimini yangilash bo‘yicha talab qilingan texnik jihozlar o‘rnatilishida «doimiy» va «katta» kechikishlar kuzatilgan. Muzey direktori Lorens De Kar 22-oktabrda Senatning Madaniyat qo‘mitasiga chiqish qilib, talonchilik bo‘yicha o‘z mas’uliyatini tan olgan va madaniyat vaziri Rashida Datiga iste’fosini taklif qilgan, ammo iste’fo rad etilgan.

Hodisadan so‘ng ayrim noyob muzey ashyolari xavfsizlik maqsadida Fransiya bankiga ko‘chirilgan. 29-oktabr va 2-noyabrda talonchilikka aloqador 3 gumondor qo‘lga olingan, to‘rtinchisi esa yaqinda ushlangani ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid

Luvr muzeyidagi talonchilik ortida Rossiyaning qo‘li borligi bo‘yicha shubhalar kuchaydi | Vaqt.uz