add

Luvrdagi talonchilikdan so‘ng Yevgeniya toji shikastlandi

Kecha 19:302 daqiqa

Luvr muzeyidagi yirik talonchilikdan keyin Fransiya imperatori Napoleon III ning rafiqasi Yevgeniyaga tegishli tarixiy tojning holati ma’lum qilindi.

Luvrdagi talonchilikdan so‘ng Yevgeniya toji shikastlandi

Parijda joylashgan Luvr muzeyida o‘tgan yil oktabr oyida sodir etilgan talonchilikdan keyin Fransiya imperatori Napoleon III ning rafiqasi, imperatoritsa Yevgeniyaga tegishli tarixiy toj jiddiy zarar ko‘rgani ma’lum bo‘ldi. Muzey ma’muriyatiga ko‘ra, artefakt deformatsiyaga uchragan bo‘lsa-da, deyarli butun holda saqlanib qolgan va uni to‘liq restavratsiya qilish imkoni mavjud.

Luvr rahbariyati talonchilikdan so‘ng ilk bor tojning hozirgi holatini aks ettiruvchi fotosuratlarni jamoatchilikka taqdim etdi. Suratlarda toj shaklining buzilgani va ayrim elementlarining yo‘qolgani ma’lum qilindi.

Qaysi bezaklar yo‘qolgan

Ma’lum qilinishicha, jinoyatchilar shisha vitrinadagi kichik ochiqlik orqali tojni chiqarishga harakat qilgan. Natijada tojni bezab turgan sakkizta oltin burgutdan biri yo‘qolgan. Shu bilan birga, qimmatbaho bezaklarning asosiy qismi saqlanib qolgan: 56 ta zumrad va 1354 ta olmosdan faqat o‘ntasi yo‘qolgan.

Luvr rahbariyati XIX asrga oid ushbu nodir artefakt asliy ko‘rinishiga deyarli sezilmas darajada qaytarilishini ma’lum qildi. Restavratsiya ishlarini nazorat qilish uchun muzey prezidenti Lorans de Kars rahbarligida maxsus ekspertlar qo‘mitasi tuzildi.

Luvr muzeyidagi o‘g‘irlik

Eslatib o‘tiladi, talonchilik 19-oktabr kuni sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar Sena daryosi tomon qaragan balkon orqali Appolon galereyasiga kirib, elektr tizimini o‘chirgan va qo‘riqchilarni binodan chiqishga majbur qilgan. Ular imperator oilasiga tegishli zeb-ziynat buyumlari saqlangan ikki vitrinani buzib ochgan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchilar muzey ichida to‘rt daqiqadan kam vaqt bo‘lgan va ikki skuterda qochib ketgan. Umumiy qiymati 88 million yevroga baholangan zeb-ziynat buyumlari o‘g‘irlangan. Hozirga qadar to‘rt nafar shaxs qo‘lga olingan, biroq asosiy gumonlanuvchilar aniqlanmagan. Imperatoritsa Yevgeniyaga tegishli qolgan yetti nodir buyum hanuz topilmagan.

Teglar

Mavzuga oid