add

M chechak virusining yangi 1b varianti Afrikadan tashqariga tarqaldi — JSST

Bugun 10:551672

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumoticha, M chechak virusining xavfli 1b shtammi Italiya, Malayziya, Niderlandiya, Portugaliya, Ispaniya va AQSHda aniqlangan.

M chechak virusining yangi 1b varianti Afrikadan tashqariga tarqaldi — JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ma’lum qilishicha, so‘nggi oylarda bir qator mamlakatlarda M chechak virusining yangi — 1b shtammiga oid holatlar qayd etilgan. Ular orasida Italiya, Malayziya, Niderlandiya, Portugaliya, Ispaniya va AQSH kabi davlatlar bor. Eng tashvishlisi, virus bu mamlakatlarda yaqinda sayohat qilmagan fuqarolarda ham aniqlangan.

JSSTning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, virusning barcha turlari hali ham aylanmoqda va uni tezda nazoratga olish zarur. Tashkilot «agar epidemiya tezlik bilan cheklanmasa, virus tarqalishi davom etadi», deya ogohlantirmoqda. Hisobotda ta’kidlanishicha, 1b shtammi Afrika hududidan tashqarida ham kengaymoqda.

2025 yil sentyabr oyi holatiga ko‘ra, jami 42 mamlakatda 3135 ta tasdiqlangan holat va 12 ta o‘lim qayd etilgan. Ulardan 80 foizidan ko‘prog‘i Afrika mintaqasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi olti hafta ichida virus 17 ta Afrika davlatida aniqlangan bo‘lib, 2862 nafar bemor kasallikni yuqtirgan, 17 kishi vafot etgan.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, M chechak virusining ikki asosiy genetik turi mavjud: I va II shtammlari. Birinchi tur (klad I) asosan Markaziy va Sharqiy Afrikada uchraydi hamda og‘ir holatlarga sabab bo‘ladi. Ikkinchi tur (klad II) esa nisbatan yengil kechadi va 2022 yildagi epidemiyaga sabab bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda kuzatilayotgan 1b shtammi yangi va xavfliroq virus hisoblanadi. U ayniqsa Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududlarida va qo‘shni davlatlarda faol tarqalmoqda. Markaziy Afrika mamlakatlarida 1a va 1b turlari birgalikda aniqlansa, Sharqiy Afrikada asosan 1b holatlari qayd etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid