Madad invest bank nomini to‘liq Mybank qilib o‘zgartirmoqda
2024-yildan beri Mybank brendi ostida ishlayotgan Madad Invest bank endilikda yuridik nomini ham shu nomga o‘zgartirmoqda.

O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri — Madad invest bank yuridik nomini Mybank deya o‘zgartirmoqda. Bu haqda bank aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.
Yig‘ilishda bankning firma nomini Mybank deya qayta nomlash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bankning yangi nomini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlarga o‘zgartish kiritish kabi masalalar tegishli tartibda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, aksiyadorlar yig‘ilishida bank kuzatuv kengashi a’zosi Yusufjon Egamnazarovning vakolatini muddatidan oldin, 2026-yil 10-martdan boshlab tugatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Madad Invest bank 2024-yildan beri Mybank brendi ostida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘sha yil boshida bankning bosh ofisi Farg‘ona shahridan Toshkentga shahriga ko‘chirilgandi.
2024-yil oxirida bank boshqaruvida ham o‘zgarishlar yuz berdi. Rahbariyat yangilangach, Madad Invest bank yangi Mybank loyihasiga 1,3 mln dollar miqdorida sarmoya kiritishi e’lon qilingan edi.
Mybank’ka qadar o‘z nomini to‘liq o‘zgartirgan so‘nggi bank Octobank bo‘lib turgandi. 2023-yil oxirda bank nomi Ravnaqbankdan Octobank’ka o‘zgargandi.





