add

Madagaskarda hukumat tarqatib yuborildi

30.09.2025 | 18:4517443

Madagaskarda suv va elektr ta’minotidagi uzilishlar ortidan boshlangan ommaviy noroziliklar sabab Prezident Andri Rajoelina hukumatni tarqatib yubordi.

Madagaskarda hukumat tarqatib yuborildi
The Guardian nashrining yozishicha, Madagaskardagi suv va elektr uzilishlari tufayli boshlangan ommaviy namoyishlarda kamida 22 kishi halok bo‘lgan, yuzdan ziyod fuqaro jarohat olgan. Bu esa 2023 yilda qayta saylangan prezident uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda. Rajoelina davlat telekanaliga bergan intervyusida vazirlar o‘z vazifalarini bajarmaganini tan oldi. «Hukumat a’zolari vazifalarini bajarmagan bo‘lsa, buni tan olamiz va uzr so‘raymiz. Yangi bosh vazir nomzodligi uchun arizalar kelasi 3 kun ichida qabul qilinadi, so‘ng yangi hukumat shakllantiriladi» — dedi prezident. Noroziliklar davomida minglab odamlar poytaxt Antananarivuda prezident iste’fosini talab qildi. Politsiya mitinglarni tarqatish uchun ko‘p miqdorda ko‘z yoshartiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan, natijada yuzlab odamlar jarohatlangan. BMT Inson huquqlari idorasi aynan shu choralar bir qator o‘limlarga sabab bo‘lganini qayd etmoqda. Rasmiy Tashqi ishlar vazirligi esa BMT hisobotlarini rad etdi va ma’lumotlarni rasmiy manbalarga asoslanmagan «mish-mish» deb atadi. Ayni vaqtda prezident yoshlar bilan muloqot qilish va talon-tarojdan zarar ko‘rgan bizneslarni qo‘llab-quvvatlash choralarini va’da qilmoqda. Rajoelina 2009 yilda harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan, 2014 yilda iste’fo bergan. U 2018 va 2023 yillarda saylovlarda yana g‘alaba qozongan, ammo uning raqiblari natijalar soxtalashtirilganini da’vo qilgan. Avvalroq Qirg‘iziston parlamenti tarixda ilk bor o‘zini o‘zi tarqatib yuborgan edi.

Teglar

Mavzuga oid