
Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekovning universitet videosidagi chiqishiga izoh berdi
22.08.2025 | 21:4038995
Vazirning tavsiyalari «ijtimoiy foydali axborot» bo‘lib, «daromad olishga qaratilmagan», deyiladi tashkilot xabarida. Biroq Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi va Boshqaruv samaradorligi agentligi hamon holatga rasmiy izoh bermadi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekovning Kokand University xususiy universiteti videoroligidagi ishtirokiga munosabat bildirdi. Bayonotda oqlashicha, vazirning tavsiyalari «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablariga tushmaydi.
Vazir matbuot kotibining ta’kidlashicha, 17 aprel kuni Ozodbek Nazarbekov Andijon viloyatida Kokand University’ning 150 dan ziyod talabalari va yoshlari bilan uchrashgan. Uchrashuvdan so‘ng talabalar undan universitet imkoniyatlari haqida keng jamoatchilikka ma’lumot berishni so‘rashgan. Vazirning videoda aytgan tavsiyalari aynan shu iltimos asosida amalga oshirilgani qayd etilgan.
Madaniyat vazirligi ma’lum qilishicha, Nazarbekovning chiqishlari yoshlarni ilm olishga chorlashga qaratilgan bo‘lib, ular ijtimoiy foydali axborot hisoblanadi.
«Ozodbek Nazarbekov tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar ilm-fanga uzviy ravishda uyg‘unlashtirilgan va maqsadi daromad olishga qaratilmagan ijtimoiy foydali axborot ekanini ma’lum qilamiz», - ta’kidladi Madaniyat vazirligi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mansabdor shaxslarning bunday holatga yo‘l qo‘yishi mumkin emas. Xususan, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish taqiqlanadi.
Shuningdek, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga muvofiq mansabdor shaxsga pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish (qonunlar hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno), shuningdek, o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olish taqiqlangan.
Qayd etish kerakki, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2024 yilda ham erkaklar kiyimlari do‘konining reklamasida ishtirok etgan edi. O‘shanda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ushbu do‘kon reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganini aniqlagan. Unga ko‘ra, videoda mahsulot davlat vakili tomonidan ma’qullangandek taassurot paydo bo‘lgan. Do‘konga 23,8 mln so‘m jarima solingan, biroq vazirning o‘zi bunga aloqador emasligi aniqlangan: u reklama beruvchi, ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi sifatida ishlamagan.





