
Maduro Tramp tahdididan so‘ng Putindan harbiy yordam so‘radi
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSHning Karib havzasidagi harbiy faollashuvi ortidan Rossiyadan yordam so‘radi.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Rossiya rahbari Vladimir Putinga harbiy yordam yuborish haqida rasmiy iltimos bilan murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The Washington Post nashri AQSH hukumatining ichki hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, iltimosnoma AQSH qo‘shinlarining Karib mintaqasida joylashtirilishi va Venesuelaga zarba berish ehtimoli bilan bog‘liq vaziyat fonida yuborilgan.
Maduro Moskvadan mamlakatning havo hujumidan himoya tizimini kuchaytirish uchun 14 ta raketa majmuasi yetkazib berishni, shuningdek, ilgari sotib olingan Su-30MK2 harbiy samolyotlarini tiklashda yordam berishni so‘ragan. Shuningdek, Venesuela rahbari 8 ta dvigatel va 5 ta radarni kapital ta’mirdan chiqarish, hamda logistik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashni iltimos qilgan.
The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, Maduroning Putinga yo‘llagan xati joriy yil oktyabr oyining o‘rtalarida Venesuela transport vaziri Ramon Selestino Velaskes tomonidan Moskvaga amalga oshirilgan yopiq tashrif davomida shaxsan yetkazilgan. Hujjatda Su-30 harbiy uchoqlari Venesuelaning «asosiy tiyib turish kuchi»ni tashkil etishi ta’kidlangan.
Shuningdek, Maduro Rossiyaning «Rostex» kompaniyasi orqali uch yillik moliyaviy yordam so‘ragani ham qayd etilgan, ammo mablag‘ miqdori oshkor etilmagan. Shu bilan birga, Putindan javob kelgan-kelmagani ma’lum qilinmagan.
Maduro va Putin o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ilgari ham kuzatilgan — Rossiya Venesuelaga havo mudofaa tizimlari, harbiy samolyotlar va texnik mutaxassislar bilan ko‘mak bergan. Ammo bu safargi iltimos Vashington va Karakas o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan paytda yangradi.
Avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Venesueladagi harbiy obyektlarga zarba berish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida xabar bergan edik.





