
Magistr xotin-qizlar uchun kontrakt to‘lovini qoplash arizasi uzaytirildi
23.09.2025 | 23:1523363
Endi arizalar 30 sentyabrga qadar qabul qilinadi.

Magistr xotin-qizlar kotrakt to‘lovini byudjetdan qoplash bo‘yicha arizalarni 30-sentabrgacha jo‘natishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat komissiyasi bayoni bilan magistratura mutaxassisliklariga qabul natijalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilida davlat OTMlari magistratura mutaxassisliklariga umumiy qabul parametrlari doirasida kunduzgi ta’lim shakliga — 16 286 nafar, kechkiga — 657 nafar, masofaviy ta’lim shakliga esa 335 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi.
Yana 987 nafar talabgor kunduzgi ta’limga, 7 nafari kechkiga va 4 nafari masofaviy ta’limga qo‘shimcha imtiyoz bilan tavsiya etildi. Tanlov natijasi qaydnomalari uch kun muddatda oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda yetkaziladi.
Shuningdek, bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan va tahsil olayotgan xotin-qizlarning joriy o‘quv yili uchun kontrakt to‘lovini byudjetdan qoplab berish bo‘yicha ariza berishning so‘nggi muddatini 30-sentabrga qadar uzaytirishga ruxsat berildi. Oldin bu 15-sentabrgacha belgilangandi.
Ushbu imtiyoz quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
- arizani belgilangan muddatda taqdim etmaganlar;
- tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar;
- nodavlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasida tahsil olayotganlar.
Bunda talabgorlar o‘zlari ta’lim olayotgan OTM rektori yoki filial direktori nomiga ariza bilan murojaat qilishlari shart. Belgilangan muddatdan keyin topshirilgan arizalar qabul qilinmaydi.





