add

«Magnum» O‘zbekiston bozoridan ketmoqda

19.06.2025 | 15:207753

Qozog‘istonning yirik chakana savdo tarmog‘i «Magnum» O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini to‘xtatdi. Kompaniya 2021 yilda Toshkentda birinchi gipermarketini ochgan edi. Forbes Kazakhstan ma’lumotiga ko‘ra, ayrim filiallar allaqachon yopilgan, qolganlarida esa mahsulot qoldiqlari sotilmoqda.

«Magnum» O‘zbekiston bozoridan ketmoqda
Magnum kompaniyasi O‘zbekistonga dekabr 2021 yilda kirib kelgan. Ilk gipermarket 5 ming metr kvadrat maydonda ochilgan, keyinchalik beshta supermarket faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘sha vaqtda kompaniya rahbari Azamat Osmonov 20 million dollarlik investitsiya rejasi haqida gapirgan. 2023 yil avgust oyida «Magnum Carrefour» tarmog‘iga qarashli «Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan» kompaniyasini sotib olgan va unga tegishli oltita savdo nuqtasini o‘z brendi ostida qayta ochishni rejalashtirgan. 2023 yil noyabriga kelib, tarmoq Toshkentda yettita do‘konga ega bo‘lgan va 2024 yilda yana o‘nta filial ochishni rejalashtirgan. «Magnum Cash&Carry» Qozog‘istonda 2007 yildan beri faoliyat yuritadi va mamlakatning 14 shahrida 200 dan ortiq savdo nuqtasiga ega. Kompaniyaning sohadagi 2024 yilgi daromadi 480 mlrd tengeni tashkil etib, Forbes Kazakhstan reytingining sakkizinchi o‘rnini egallagan. Kompaniya Kaspi.kz bilan hamkorlikda E-Magnum raqamli loyihasini rivojlantirgan. 2023 yilda Kaspi mazkur loyihaga 70 mlrd tenge sarmoya kiritib, undagi ulushini 90,01 foizga yetkazgan. Shu bilan birga, «Magnum Cash&Carry» tarmog‘i mazkur loyihada 9,99 foizlik minoritar ulushga ega bo‘lib qolgan. «Magnum»ning O‘zbekistondan chiqish sabablari rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, bu qaror tarmoqning mahalliy bozordagi raqobat va iqtisodiy sharoitlarga moslashishidagi murakkabliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid