Logo

Mahalla «yettiligi»ga 10 million so‘mdan grant beriladi

Bugun 18:522 daqiqa

Prezident mahallalarda ijtimoiy muammolarni hal qiladigan tashabbuslar uchun «mahalla yettiligi»ga grant ajratilishini e’lon qildi.

Mahalla «yettiligi»ga 10 million so‘mdan grant beriladi © Foto: president.uz

O‘zbekistonda mahallalardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalar uchun «mahalla yettiligi»ga 10 million so‘mdan grant ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi mahallalar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mahalla raisi hududdagi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarning tashabbuskori bo‘lishi kerak.

Shu maqsadda har bir mahallada amalga oshiriladigan tashabbuslar uchun «mahalla yettiligi»ga 10 million so‘mdan grant ajratiladi.

Qayd etilishicha, agar mamlakatdagi 8 ming 992 ta mahallaning har birida kamida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi ijtimoiy muhit va aholi farovonligi sezilarli darajada yaxshilanadi.

240 milliard so‘mlik resurs shakllantiriladi

Mazkur dasturni moliyalashtirish uchun jami 240 milliard so‘mlik resurs shakllantirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar mahallalarda aholi manfaatiga xizmat qiladigan amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisiga aylanishi lozimligi alohida ta’kidlangan. U hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliq inspektori va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejalarini tasdiqlaydi.

Shuningdek, mahalla raisi «yettilik» a’zolari oldiga aniq vazifalar qo‘yib, ularning ijrosini muntazam nazorat qilishi bildirilgan.

Yangi institut tashkil etiladi

Mahallalar faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi.

Ushbu institut «mahalla yettiligi» a’zolarini o‘qitish, hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni tahlil qilish hamda ularning yechimi bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Teglar

Mavzuga oid