
Mahallalarda yoshlar bilan ishlashda yangi tizim joriy etiladi
11.09.2025 | 12:242094
Yoshlar muammolarini manzilli hal etish va ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan farmon qabul qilindi.

10 sentyabrda Prezidentning «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–163-sonli farmoni imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, mahallalarda yoshlar bilan ishlashda individual yondashuv, ularning qiziqishlari va iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan yangi mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi.
Farmon asosida yoshlar yetakchilari faoliyatiga aniq vazifalar belgilab berildi. Jumladan, yoshlarning o‘ziga ishonchini oshirish, mahalla miqyosida ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish, «Besh tashabbus olimpiadasi»ni keng targ‘ib qilish va yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, «Yoshlar daftari» orqali beriladigan yordam ijtimoiy hamkorlik asosida tashkil etiladi.
Farmonda yoshlar yetakchilariga bevosita vazifasiga aloqasi yo‘q topshiriqlarni yuklash taqiqlandi. Bu ularning ish samaradorligini oshirish va e’tiborni yoshlar masalalariga qaratgan holda faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Shuningdek, hujjatda «Mahalla yettiligi» va ta’lim muassasalari o‘rtasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilishi belgilandi. Maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari har oy sinf rahbarlari va psixologlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning qiziqish va muammolarini aniqlaydi. Bu ma’lumotlar mahalla raisi va yoshlar yetakchisiga yetkaziladi.
Keyinchalik yoshlar yetakchilari mahalladagi murabbiylar va tadbirkorlar bilan hamkorlikda ustozlik tizimini yo‘lga qo‘yadi. Mahalla raislari esa yoshlar uchun sport, kitobxonlik va axborot texnologiyalarini o‘rganishga qulay imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirishi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kriminogen mahallalarda sun’iy intellektga ulangan kameralar o‘rnatilishi haqida ma’lumot bergan edik.





