Mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish uchun 20 trln so‘m yo‘naltiriladi

17.02.2026 | 15:251 daqiqa

Mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish uchun 20 trln so‘m
yo‘naltiriladi © Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish uchun 20 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor islohotlar dasturlari hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, mahallalarni rivojlantirish doirasida 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushiriladi. Natijada qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Bu esa hududlarda bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Infratuzilmani yangilash uchun ajratiladigan 20 trillion so‘m mablag‘ mahallalarga «Yangi O‘zbekiston» qiyofasini olib kirishga qaratilgan. Loyihalar doirasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari takomillashtiriladi.

16-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berilgan edi. Qayd etilishicha, mazkur hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuvlar bilan ishlab chiqilgan.

Loyihalarda joriy yil uchun davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, maqsadli ko‘rsatkichlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilab berilgan. Davlat rahbari taqdim etilgan takliflar bilan tanishib, tegishli farmonni imzoladi hamda islohotlar dasturlari va davlat dasturini tasdiqladi.

Teglar

Mavzuga oid